ENTOBAKTERIN
ENTOBAKTERIN — biologik insektisid. Kristall hosil qiladigan bakteriya asosida olinadi. 1 grammida 30 milliardga yaqin yashovchan bakteriya sporasi va zaharli oqsil kristallari (juft sporali tana) bo’lgan kulrangqo’ng’ir kukun va pasta (1 grammida 20 milliardga yaqin bakteriya sporasi) holida chiqariladi. To’ldirgich sifatida kukunlangan kaolin qo’shiladi. Entobakterinning ta’sir doirasi keng. Zararkunandalarning 50 turiga, jumladan, ko’k qurt, g’o’za tunlami, karadrina, olma, meva va karam kuyasi, beda urug’xo’ri, odimchilar va boshqalarga qarshi qo’llanilganda yaxshi samara beradi. Entobakterin ta’sirchanligi qisman havo haroratiga bog’liq. Entobakterin ishlatilganda va undan keyingi 2-6 kun davomida kundalik harorat qancha yuqori bo’lsa, samara ham shu qadar yuqori bo’ladi. Preparat me’yori va obhavoga qarab ko’pgina qurtlar 2-5 kunda nobud bo’ladi. Entobakterin o’simliklarga past dozadagi kimyoviy preparatlar bilan qo’shib purkaladi; buning uchun yaxshi aralashtirilgan suvli suspenziya tayyorlanadi. Preparatning sarf me’yori 2,0—2,5 kg/ga, fozalon aralashtirib ishlatilganda 0,5 kg/ga. Ish suyuqligi sarf me’yori 100— 200 l/ga. Entobakterin o’simliklar, odam, issiqqonli hayvonlar, asalarilar va boshqalar foydali hasharotlar uchun zararsiz.