ENTSEFALOMIELIT

ENTSEFALOMIELIT (Yunoncha — bosh miya va — orqa miya) — bosh va orqa miyaning bir vaqtda yallig’lanishi. Entsefalomielit ko’pchilik yuqumli va neyroallergik, toksik kasalliklarda Markaziy nerv sistemasining zararlanishidan kelib chiqadi. Entsefalomielitni viruslar ham qo’zg’atadi. Entsefalomielitda bosh va orqa miyada oq va kulrang moddalar, qon tomirlarning yallig’lanishi, myelin pardaning emirilishi va boshqalar ro’y beradi. Mielin parda bo’lmasa nerv tolalari orqali impulslar o’tmay qoladi, natijada nerv tizimining ko’pgina bo’limlari izdan chiqadi. Entsefalomielit odam va hayvonlarda (asosan, ot va boshqalar) uchraydi. U turli infekniyalar, intoksikasiya oqibatida vujudga kelishi, shuningdek, mustaqil kasallik tarzida (masalan, birlamchi o’tkir tarqoq Entsefalomielit) kechishi mumkin. Shunga ko’ra, neyrotrop viruslar qo’zg’atadigan birlamchi Entsefalomielit hamda biror yuqumli kasallikdan yoki og’ir yuqumli kasallikka qarshi organizmga vaktsina yuborilgandan so’ng yuzaga keladigan ikkilamchi Entsefalomielit ajratiladi. Birlamchi Entsefalomielitni neyrotrop viruslar qo’zg’atadi. Kasallik to’satdan boshlanib, bemor qattiq isitmalaydi, boshi, qo’l-oyoqlari og’riydi, boshi aylanadi, qayt qiladi, ko’zi xiralashadi. Muskullar tonusi va reflekslar kuchayadi, ba’zi bemorlarning qo’loyoqlari falajlanadi, harakatlari poymapoy bo’lib, gandiraklab yuradi, nozikroq harakatlarga (masalan, yozish, kiyimini tugmalash va boshqalar) qo’li qovushmay qoladi, qo’loyoqlari qaltiraydi. Nafas olish va yutish faoliyati buziladi; bemor nutqi o’zgarib, ravon gapira olmaydi, ovqat yeganda qalqiydi va hokazolar 2-3 oydan so’ng kasallik ancha yengillashadi, ammo harakatdagi o’zgarishlar butunlay yo’qolmaydi. Ba’zan Entsefalomielit faqat orqa miyaning o’zida o’tadi, bunda orqa miyani qaysi qismi zararlanganligiga qarab kasallikning klinik ko’rinishi ham unga xos bo’ladi, masalan, bo’yin qismida bo’lsa ikki qo’l va oyoqlarda falajlar; bel qismida — ikki oyoqlarda periferik yoki atrofik «lanj, bo’sh» falajlar kuzatiladi. Ikkilamchi Entsefalomielitga kiradigan postvaktsional Entsefalomielit kam uchraydi. U quturish kasalligiga qarshi emlangandan 10-20 kun o’tgach paydo bo’ladi. Bunda bosh va orqa miyadan tashqari periferik nervlar va bosh miya po’stloqlari ham zararlanadi. Dastlab, bosh, so’ng bel og’rib, bemor isitmalaydi. Keyinchalik qo’l-oyoqlar falajlanib, siydik tutiladi va hokazolar. O’z vaqtida davolansa bemor sog’ayib ketadi. Davosi. Entsefalomielitda bemor tezda kasalxonaga yotqiziladi va kasallik alomatlariga qarab dori-darmon va boshqalar muolajalar buyuriladi.