ENTSIKLOPEDIYA
ENTSIKLOPEDIYA (Yunoncha — bilimlar doirasi), qomus — muayyan tizimga solingan keng qamrovli bilimlar to’plami, ilmiy yoki ilmiy ommabop nashr. «Entsiklopediya» terminining ma’nosi tarixan o’zgarib turgan. Antik davrda u «erkin san’at» deb atalgan 7 ilm (grammatika, ritorika, dialektika yoki logika, geometriya, arifmetika, musiqa va astronomiya)ni anglatgan. 16-asrda G’arbiy Yevropada Entsiklopediya yangi ma’noda — turli bilimlar majmui ma’nosida ishlatilgan. Ayni vaqtda bilimlar tasnifi ma’nosini ham bildirgan; bu ma’noda «Entsiklopediya» termini 18-asrda ham qo’llangan. Hozirgi paytda «Entsiklopediya” termini fanning barcha sohalari bo’yicha (universal Entsiklopediya) yoki biror tarmog’i (soha Entsiklopediyasi) yoxud amaliy faoliyat bo’yicha eng muhim ma’lumotlarni o’z ichiga oluvchi nashrni anglatadi. Entsiklopediya materiallari, asosan, alifbo tartibida yoki mavzusi bo’yicha beriladi. Universal Entsiklopediya, odatda, muayyan davlat miqyosida tuzilib, shu davlatda erishilgan fantexnika, madaniyat yutuqlari darajasini ko’rsatadi. Unda o’sha davlatning mafkurasi ozmiko’pmi aks etadi. Shu ma’noda ham universal Entsiklopediya milliy Entsiklopediya hisoblanib, unga «davlatning shahodatnomasi», «ma’naviy ko’zgusi» degan sifatlar ham beriladi. Universal Entsiklopediyalarda turli fan sohalaridagi muhim tushunchalar bilan bir qatorda tarixiy voqea va jarayonlar, insoniyat tsivilizasiyasining muhim yutuqlari aks etadi. Soha Entsiklopediyasi muayyan fan sohasidagi tushuncha va boshqalar ma’lumotlarni universal Entsiklopediyaga qaraganda batafsilroq yoritadi. Hajmiga ko’ra, Entsiklopediyalar ko’p jildli va 1-2 jildli bo’lishi mumkin. Entsiklopediya maqolalarida so’zlarning etimologiyasi, transkripsiyasi, definisiyasi muayyan tartib bilan beriladi. Yoritilayotgan tushuncha haqida ko’proq ma’lumot olish uchun muhim adabiyotlar ro’yxati (bibliografiya) ko’rsatiladi. Entsiklopediya hajmining muayyan qismini bezak materiallar (oq-qora, rangli suratlar, xarita, chizmasxemalar va boshqalar) tashkil etadi. Entsiklopediya maqolalarida ortiqcha tafsilotlarga, qaytariqlarga yo’l qo’yilmaydi (buning uchun tegishli maqolaga havola qilishdan foydalaniladi). Entsiklopediya tayyorlashda fakt va ma’lumotlar aniqligiga, atama va terminlar o’z o’rnida, to’g’ri ishlatilishiga ahamiyat beriladi. Uning bayonida ilmiylik, ommaboplik, qisqalik, lo’ndalikka e’tibor beriladi. Entsiklopedik tarzdagi asarlar qadimiy Shumer davlatida, Xitoy, Yunoniston, qadimiy Rimda, keyinchalik Arab yozuvidagi mamlakatlarda, xususan, Movarounnahrda paydo bo’lgan. Yunonistonda Demokrit va Aristotel asarlari entsiklopedik asarlar hisoblangan. O’rta Osiyo mutafakkirlari — Muhammad Muso Xorazmiy, Ahmad al-Farg’oniy, Abu Nasr Forobiy, Abu Rayhon Beruniy, Abu Ali ibn Sino, Imom Buxoriy, Mirzo Ulug’bek, Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur asarlari ham o’z davridagi bilimlarni atroflicha qamrab olgan. Imom Buxoriyning «Sahihi Buxoriy»si, Forobiyning «Fanlar tasnifi», Beruniyning «Qadimgi xalqlardan qolgan yodgorliklar», Ibn Sinoning «Tib qonunlari», «Donishnoma»si, Yusuf xos Hojibning «Qutadg’u bilig», Mahmud Koshg’ariyning «Devonu lug’otit turk», Alisher Navoiyning «Majolis unnafois», Davlatshoh Samarqandiyning «Tazkirat ushshuaro», Zahiriddin Muhammad Boburning «Boburnoma» asarlari qomuschilik tarixiga qimmatbaho hissa bo’lib qo’shilgan. Vizantiya tilshunosi Svidaning «Leksikon»i (10-asr) dan boshlab muayyan tizimga solingan bilimlar lug’atlart ifodalana boshladi. 17-asr oxiri va 18-asrda Angliyada P. Beylning «tarixiy va tanqidiy lug’at»i katta ahamiyatga ega bo’lgan. 1704 yil J. Xarris «texnik Leksikon yoki umumiy ingliz san’at va fan lug’ati»ning birinchi nashrini chiqargan. «Entsiklopediya yoki fan, san’at va kasb-hunarlarning izohli lug’ati» (1751-80 yillar, 35 jild) ning yuzaga kelishi Frantsiya tarixida yirik ijtimoiy-siyosiy voqea bo’ldi. Bu Entsiklopediyani tayyorlashda mashhur faylasuf D. Didro asosiy rol o’ynadi; uni nashr etishda Sh.L. Monteskyo, Volter, J.J. Russo, J.D,’Alamber ham qatnashgan. 1768-71 yillarda shotland matbaachisi U. Smelli 3 jildli «Britaniya entsiklopediyasi»ni chiqardi. Bir necha marta qayta nashr etilgan ushbu Entsiklopediya Angliyaning eng yirik milliy Entsiklopediyasi bo’lib qoldi. 19-asr va 20-asrning 1-yarmida Frantsiya, Rossiya, AQSh, Germaniya, Italiya, Ispaniya, Turkiya va boshqalar mamlakatlarda ham universal va soha Entsiklopediyalari chiqarildi. Bular ichida «Amerika entsiklopediyasi», «katta Brokgauz» (Germaniya), «katta Laruss» (Frantsiya), «Islom entsiklopediyasi», Brokgauz va Efron entsiklopedik lug’ati, granatlar entsiklopedik lug’ati alohida o’rin egallaydi. SSSRda 1925 yildan katta Sovet Entsiklopediyasining uch nashri, 1928 yildan kichik Sovet Entsiklopediyasining uch nashri, «entsiklopedik lug’at»ning bir necha nashri chiqdi. Ushbu universal Entsiklopediyalardan tashqari, turli davrlarda bir necha fan tarmoqlaridan va amaliyotdan soha Entsiklopediyalari nashr etildi. 60-yillarning oxiridan sobiq ittifoqdosh respublikalarda universal Entsiklopediyalar nashr etishga kirishildi. Jumladan, O’zbekistonda 1971-80 yillarda 14 jildli «O’zbek sovet entsiklopediyasi» (O’zSE)nashr etildi. 1bosh muharriri akad. I.M.Mo’minov; 10-jilddan akademik K.A.Zufarov. Unda jami 40000 dan ortiq maqola berilgan. O’zSE maqolalarining ilmiynazariy va g’oyaviy-siyosiy yo’nalishi markscha-lenincha mafkura bilan belgilangan. SSSR parchalanib ketgandan keyin undan ajralib chiqqan mustaqil mamlakatlar ichida birinchilardan bo’lib O’zbekiston Respublikasida universal milliy entsiklopediya tayyorlashga kirishildi. 1997 yil 20 martda O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi «O’zbekiston milliy entsiklopediyasi» Davlat ilmiy nashriyotini tashkil etish to’g’risida» qaror qabul qilib, nashriyot zimmasiga 12 jildli «O’zbekiston milliy entsiklopediyasi»ni tayyorlash va nashr etishni topshirdi. So’nggi yillarda O’zbekistonda, shuningdek, «Toshkent» entsiklopediyasi, 1 jildli bolalar entsiklopediyasi, xotin-qizlar entsiklopediyasi, «Islom» entsiklopediyasi va ba’zi fan tarmoqlaridan soha Entsiklopediyalari nashr etildi. Murodjon Aminov.