EPAMINOND
EPAMINOND (Eratetopyaz) (miloddan avvalgi taxminan 418-362) — yunon sarkardasi va siyosat arbobi. 4-asrning 70-60-yillarida (Fivada 379 yildagi demokratik to’ntarishdan so’ng) Pelopid bilan birga Fiva davlati va demokratik asoslarda qayta vujudga kelgan Beotiya ittifoqini boshqargan. 371 yil qo’shinni saflashning yangi usuli («qiyshiq saf»)ni qo’llab Levktra jangida spartaliklar ustidan g’alabaga erishgan, so’ngra beotiyaliklarning Peloponnesga bir necha bor qilgan hujumlari (370/369 Pelopid bilan, 369, 367 va 362)ga rahbarlik qilgan. Mantineya yaqinidagi so’nggi jangda Epaminond g’alaba qozongan bo’lsada, o’zi og’ir yarador bo’lib, so’ng vafot etgan.