EPIDEMIOLOGIYA, MIKROBIOLOGIYA VA YUQUMLI KASALLIKLAR INSTITUTI

EPIDEMIOLOGIYA, MIKROBIOLOGIYA VA YUQUMLI KASALLIKLAR INSTITUTI, O’zbekiston epidemiologiya, mikrobiologiya va yuqumli kasalliklar ilmiy tadqiqot instituti — O’zbekiston Sog’liqni saqlash vazirligiga qarashli ilmiy tekshirish muassasasi, 1961 yil Toshkent shahrida tashkil etilgan. institut respublikada yuqumli kasalliklarga qarshi kurashish ishlarini muvofiqlashtirish markazi hisoblanadi. Institutdagi ilmiy izlanishlar O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qoshidagi ilm-fan va texnologiya markazi tomonidan tasdiqlangan 4 ta grant mavzusi asosida olib boriladi. Institut tarkibida epidemiologiya, mikrobiologiya, klinik, o’ta xavfli yuqumli kasalliklar va boshqalar bo’limlari, surunkali yuqumli jarayonni o’rganish va protozoy kasalliklari lab.lari, ilmiy kutubxona, Markaziy sterilizasiya punkti, dorixona, vivariy va boshqalar bor. Institut oldida turgan asosiy vazifa yuqumli kasalliklarga qarshi kurash chora-tadbirlarini takomillashtirish, yuqumli kasalliklarning epidemiologiyasi, mikrobiologiyasi va klinikasiga oid ilmiy izlanishlar olib borish va shu sohaga oid yuqori malakali mutaxassis kadrlar tayyorlash, shuningdek, mahalliy sog’liqni saqlash xizmati tashkilotlariga amaliy hamda konsultativ xizmat ko’rsatishdan iborat. Institutning 200 o’rinli kasalxonasida reanimasiya, qabul va 7 klinik bo’lim, bakteriologik, biokimyoviy, klinik diagnostika va Ekspress diagnostika laboratoriya, shuningdek, fizioterapiya, stomatologiya, endoskopiya va rentgen xonalari hamda konsultativ poliklinika mavjud. Klinikada virusli gepatitlar, ichak infektsiyalari, brusellyoz, gijja va parazitar kasalliklari, bezgak, TIF, paratiflar bilan og’rigan bemorlar (kattalar va bolalar) davolanadi. Institut faoliyati akademik I.Q.Musaboev, A.O.Obidov, Z.K.Karimov, M.V.Nevskiy, S.S.Maxsumov, K.J.Jalilov, Sh.Sh.Shovahabov, M.Sharipov, M.J. Ahmedova, A.G. Valiev, S.N.Boboxo’jaev, N.G’.G’ulomov va boshqalar olimlar nomi bilan bog’liq. Institut xodimlaridan 9 kishi fan doktori, prof., 18 nafari fan nomzodi. Institut ilmiy to’plam, monografiya va metodik qo’llanmalar chop etadi. Institutda Toshkent tibbiyot akademiyasining yuqumli va tropik kasalliklar, Toshkent pediatriya tibbiyot intining epidemiologiya va yuqumli kasalliklar xamda Toshkent vrachlar malakasini oshirish intoning bolalar yuqumli kasalliklari kafedrasi faoliyat ko’rsatadi.