EPISTOLYAR ADABIYOT

EPISTOLYAR ADABIYOT (Yunoncha — xat, maktub, noma) — xat, noma shaklida yaratilgan turli xil asarlar (masalan, epistolyar roman). Epistolyar adabiyotga atoqli arboblarning madaniy-tarixiy ahamiyatga ega bo’lgan yozishmalari ham kiradi (masalan, Alisher Navoiyning «Munshaot» asari). Noma adabiy janr sifatida yunon va Rim adabiyotida (Tsitseron, Gorasiyning she’riy maktublari), shuningdek, Sharq adabiyotida keng tarqalgan. 18-asrda maktub shaklida romanlar yozish Yevropada odat tusiga kirgan (S.Richardsonning «Pamela», 1740; J.Jrussoning «Yuliya yoki yangi Elioza», 1761 va boshqalar). 19-asrda Epistolyar adabiyot tarixiy hikoya, oilaviy xronika tarzida rivoj topdi (I.S. Turgenev, «Faust»; F.Dostoevskiy, «faqir kishilar»). 20-asrda, ayniqsa, 2-jahon urushi yillarida maktub shaklidagi Epistolyar adabiyot muhim ahamiyatga ega bo’lgan. Hozirgi o’zbek adabiyotida epistolyar shakldan O.Yoqubov, O’.Hoshimov, A.Ibrohimov kabi yozuvchilar unumli foydalanmoqdalar. Xususan, Abduqahhor Ibrohimovning «Uyqu kelmas kechalar» romani boshidan oxirigacha asosiy qahramon faxri Kamolning sevgilisi Yoqutxonga yo’llagan xatlaridan iborat. Shuningdek, hozirgi paytda Epistolyar adabiyotning she’riy maktublar, murojaatnoma, ochiq xat (asosan, adabiy tanqidchilikda) kabi shakllari ham mavjud.