EPITELIY
EPITELIY (epi… va Yunoncha — so’rg’ich), epiteliy to’qimasi — ko’p hujayrali hayvonlarda — tanani va tana bo’shlig’ini qoplab turuvchi, ko’pchilik bezlarning asosiy funktsional tarkibini tashkil etuvchi to’qima. Embriogenezda Epiteliy har uchchala murtak varaqlaridan hosil bo’ladi va tana qoplog’ichi, ularning hosilalari hamda ko’pchilik bezlarning hosil bo’lishida qatnashadi. Epiteliy tez eskirib qolishi tufayli kuchli regeneratsiya qilish xususiyatiga ega. Epiteliy bazal membrana bilan chegaralangan, unda tomirlar bo’lmaydi; oziq moddalarni unga yaqin joylashgan biriktiruvchi to’qimadan oladi. Epiteliy cheklovchi, himoya, moddalar almashinuvi (so’rish, ajratish), sekret ajratish funktsiyasini bajaradi. Funktsiyasiga binoan, qoplovchi va sekretor Epiteliyga ajratiladi. Qoplovchi Epiteliy, o’z navbatida, bir qavatli, ko’p qavatli va oraliq qavatli bo’ladi. Bir qavatli Epiteliy hujayralari bazal membrana bilan bog’langan (oshqozon va ichak devori, mezoteliy tana bo’shlig’ini o’rab turadigan Epiteliy). Ko’p qavatli Epiteliyning faqat ichki qavati bazal membrana bilan qoplangan (teri Epiteliysi), oraliq (2 qavatli) Epiteliyning tashqi ko’rinishi organ devori cho’zilishiga qarab o’zgarib turadi (masalan, qovuq, siydik chiqarish yo’li Epiteliysi). Sekretor Epiteliy esa bezlarda bo’ladi. Epiteliy hujayrasining tuzilishi uning sekretorlik funktsiyasi bilan bog’liq. Epiteliy shakliga binoan, yassi, kubsimon va tsilindrsimon bo’ladi. Shimuvchi Epiteliy hujayrasi sirti tuksimon jiyakli, hilpillovchi Epiteliyda hilpillovchi kipriklar bo’ladi. Himoya funktsisini bajaruvchi Epiteliy uchun muguzlashish xususiyati, bezli epiteliy uchun donador endoplazmatik to’r va Golji kompleksining rivojlanishi xos. O’simliklarda Epiteliy — ignabarglilarning mum yo’llari va soyabonguldoshlarga mansub o’simliklarning moy chiqarish yo’llarini o’rab turadigan hujayralar.