ERGASHISH

ERGASHISH — sintaktik bog’lanishning bir turi, gapda bir so’zning ikkinchisiga bo’ysunishi, ya’ni tobelanish yo’li bilan bog’lanishi. Ergashish so’z birikmasi tarkibidagi bo’laklar orasida ham, gap tarkibidagi bo’laklar orasida ham uchraydi. Bunda bir bo’lak ikkinchisiga nisbatan ergash (tobe) so’z vaziyatida bo’ladi. Masalan: kitobni o’qimoq (kitobni — ergash so’z, o’qimoq — bosh so’z). So’zlarning E. yo’li bilan bog’lanishi 3 xil bo’ladi: boshqaruv, moslashuv va bitishuv (so’zlarning hech qanday qo’shimchalarsiz, ohang yordamida birikishi). Ega va kesim orasidagi Ergashish (tobelanish), boshqa bo’laklardan farqli ravishda so’z birikmasini emas, balki gapni hosil qiladi. Ergashish qo’shma gaplar doirasida ham kuzatiladi. Bu hol biri ikkinchisini aniqlash, to’ldirish kabi vazifalarni bajaradigan qo’shma gap qismlari doirasida yuz beradi. Bunday qo’shma gaplar ergashgan qo’shma gaplar deb yuritilib, ular mazmun va vazifalariga ko’ra 14 turga bo’linadi.