ERISH
ERISH — moddalarning issiqlik ta’sirida qattiq (kristall) holatdan suyuq holatga o’tish jarayoni. Sof moddalarning Erish jarayoni Erish temperaturasiga bog’liq. Erish vaqtida qattiq holatdagi atomlarning joylashish tartibida fazoviy kristall panjara buziladi. Kristallda atomlar muvozanat vaziyatlari atrofida tebranadi. Temperatura ko’tarilgan sari tebranishlar amplitudasi ortib boradi va muayyan kritik kattalikka etadi, shundan keyin panjara buziladi. Qattiq qotishmalar ma’lum temperatura oralig’ida eriydi. Amorf qattiq moddalar temperatura orta borishi bilan yumshab, asta-sekin suyuq holatga o’tadi. Modda eriganda hajmi kengayadi, bosim oshishi bilan Erish temperaturasi ham ortib boradi. Ayrim moddalar (muz, metall va metalloid) eriganda hajmi kichrayadi va bosim ortishi bilan Erish temperaturasi pasayadi. Molekulyar kinetik tasavvurlarga binoan, moddaning qattiq holatdan suyuq holatga o’tishida kristall panjaraning buzilishi uchun yetarli miqdorda energiya berilishi zarur. Erish jarayonida moddaga tashqaridan beriladigan energiya uning temperaturasi ortishiga emas, balki kristall panjarasini buzishga sarflanadi. Erish tabiatda (yer sirtida qor va muzlarning, yer qa’rida minerallarning erishi), fan va texnikada (sof metall va qotishmalar ishlab chiqarishda) katta ahamiyatga ega.