ERITMALAR
ERITMALAR — nisbiy miqdorlari keng oraliqda o’zgarishi mumkin bo’lgan 2. va undan ortiq komponent (tarkibiy qism)lardan tashkil topgan qattiq yoki suyuq gomogen sistemalar. Har qanday eritma erigan modda va erituvchidan iborat; undagi molekula yoki ionlar baravar tarqalgan bo’ladi. Eritmalarda erituvchi bilan erigan moddalarni bir-biridan farqlash zarur. Odatda, erituvchi sifatida sof holda ham, eritmada ham agregat holati o’zgarmagan modda olinadi. Masalan, biror tuzning suvdagi eritmasidagi erituvchi suv. Agar 2 modda bir-birida erigunicha suyuq agregat holatda bo’lsa, eritmada miqdori ko’proq komponent erituvchi sifatida qabul qilinadi. Suv bilan spirt eritmasida bu moddalarning qaysi biri eritmada mo’lroq bo’lsa, shuni erituvchi deb olinadi. Eritmalar tarkibining bir xilligi ularni kimyoviy moddalarga yaqinlashtiradi. Ba’zi moddalar erituvchilarda eriganida issiqlik ajralishi yoki yutilishi ular orasida kimyoviy ta’sir mavjudligiga dalil bo’ladi. Eritmalar tarkibining o’zgarib turishi ularning kimyoviy birikmalardan farq qilishini ko’rsatadi. Bundan tashqari, Eritmalar tarkibidagi alohida komponentlarning xossalarini aniqlash mumkin, kimyoviy birikmalarda esa buni aniqlab bo’lmaydi. Eritmalar tarkibining o’zgarib turishi ularni mexanik aralashmalarga yaqinlashtirsa, tarkiblarining bir xilligi ulardan farkdantiradi. Shu bois ham Eritmalar mexanik aralashmalar bilan kimyoviy birikmalar oralig’idagi moddalar deb qabul qilinadi. Kristallning suyuqlikda erib, eritma hosil bo’lishi individual modda molekulalarining o’zaro ta’siri buzilib, eritma komponentlari orasida yangi molekulalararo bog’lanish vujudga kelishi bilan tavsiflanadi. Kristall yuzasidan ajraladigan molekulalar diffuziya tufayli erituvchining butun hajmi bo’ylab baravar tarqaladi. Molekulaning qattiq jism yuzasidan ajralishi bir tomondan — erituvchi molekulalari tortishish kuchiga berilishi tufayli ro’y beradi. Mazkur jarayon kristallning butunlay erib tugashiga qadar davom etishi mumkin, lekin bunga ayni vaqtdagi aks jarayon — kristallanishning boshlanishi to’sqinlik qiladi. Kontsentrasiyaning oshishi qayta kristallanishni tezlashtiradi. Ma’lum muddatdan so’ng kristallning erish tezligi qayta kristallanish tezligiga tenglashib dinamik muvozanat vujudga keladi: Erimagan modda <=> eritmadagi modda, ya’ni vaqt birligida qancha molekula erisa, shuncha molekula eritmadan ajralib chiqadi. Eriyotgan modda bilan muvozanatda bo’lgan eritma to’yingan eritma deb ataladi. Hajm birligidagi kontsentrasiyasi to’yingan eritmanikidan kam bo’lgan eritma to’yinmagan eritma hisoblanadi. Eritmada kristallanish markazi bo’lmasa, uni shunday sovitish mumkinki, bunda erigan moddaning kontsentrasiyasi eruvchanligidan yuqori bo’lib qoladi, natijada eritmaning o’zi o’ta to’yingan holatga o’tadi. Bunday eritma o’ta to’yingan eritma deyiladi. Suyuq eritmalarning o’ziga xos xususiyatlarini osmos, toza erituvchi bug’ bosimining pasayishi, krioskopik va ebulioskopik nuqtalarning o’zgarishi orqali o’rganiladi. Eritmalarning tuzilishi uni tashkil qilgan komponentlarning xossalari bilan aniqlanadi. Agar komponentlar kimyoviy tuzilishi, molekulalarning o’lchami va boshqalar omillar bo’yicha yaqin bo’lsa, tuzilishi printsip jihatdan sof suyuqliklar tuzilishidan farq qilmaydi. Erituvchining molekulalari bilan o’zaro ta’sirlashuvi ko’pchilik modda (elektrolit)larda aks jarayon bo’lgan dissosiasiya bilan bog’liq. Tuzlar, kislota va asoslar qutbli erituvchilarda eriganida qisman yoki butunlay ionlarga parchalanadi, bu jarayon Eritmalarda zarralar sonining ko’payishiga sabab bo’ladi. Agar erituvchi suv bo’lsa, gidratlar, boshqa modda bo’lsa, solvatlar vujudga keladi. Bu jarayonlar tegishlicha gidratlanish va solvatlanish deyiladi. 1887 yil D.M.Mendeyaeyev o’zining gidratlanish nazariyasini olg’a surgan. Uning shogirdi I.A.Kablukov (umrining oxirlarida Toshkentda yashab, ilmiy ishlar olib borgan) o’z ustozi ishlarini davom etdirdi. Amaliyotda ko’proq to’yinmagan Eritmalardan foydalaniladi. Ularda erigan modda kontsentrasiyasi to’yingan Eritmalardagiga qaraganda kamroq bo’ladi. Eritmada erigan modda miqdori eritma kontsentrasiyasini belgilaydi. Erigan modda miqdori ko’p bo’lgan Eritmalar kontsentrlangan Eritmalar, kam erigan (kontsentrasiyasi nisbatan kam bo’lgan) Eritmalar suyultirilgan Eritmalar deyiladi. Eritmalar odam, hayvon va o’simliklar hayotida muhim rol o’ynaydi. Oziqovqatlar hazm qilinishidan oldin Eritmalarga o’tkaziladi. Barcha fiziologik suyukliklar Eritmalardan iborat. Eritmalar o’simliklarning o’sishida va hosildorligining oshishida muhim ahamiyatga ega. O’simliklar hosilini Eritmalarga o’tkazish sanoat texnologiyasining asosidir. Dengiz, okean, Daryo, ko’l suvlari ham Eritmalar, ularni tuzlardan tozalash, kimyoviy ishlash va boshqalar ham Eritmalar texnologiyasi bilan bog’liq. Polimerlar, lokbo’yoqlar, sirt faol moddalar, sovun va boshqalar ko’p tonnajli mahsulotlar ham Eritmalar bilan bog’liqligi ularning xalq xo’jaligida tutgan o’rni muhimligidan dalolat beradi. Ad:. Sovremennme problemm ximii rastvorov, M., 1986; Fialkov Yu.Ya., Rastvoritel kak sredstvo upravleniya ximicheskim prosessom, M., 1988. Qudrat Axmerov.