EROS
EROS (Erot nomidan) — Quyosh sistemasidagi kichik Sayyora. 1898 yil nemis astronomi G.Vitt kashf etgan. Eros Quyosh atrofini 1,76 yilda to’liq bir marta aylanib chiqadi. Sayyora orbitasining cho’ziqligi (e=0,233) katta bo’lgani uchun uning ko’rinma yulduz kattaligi — 6,7 dan 11,3 gacha o’zgarib turadi. Eros gantel shaklida bo’lib, uning eng uzun qismi 40 km, eng qisqasi 14 kilometr. Orbitasining ekliptikaga og’maligi 10°, 83, Quyoshdan o’rtacha uzoqligi 1,458 astronomik birlikka teng. Har 37 yilda erga juda yaqin keladi va Eros kuzatilib, Quyosh parallaksi aniqlanadi. Eros Yerga 1975 yilda yaqinlashgan va yer bilan orasidagi masofa 28 million kilometrga teng bo’lgan.