ESHON BOBOXON IBN ABDULMAJIDXON

ESHON BOBOXON IBN ABDULMAJIDXON (1860 — Toshkent -1957) — muftiy, Shayx. Ziyovuddinxon ibn Eshon Boboxonning otasi. Ruhoniy oilasida tug’ilgan. Dastlabki ilmni bobosi Shayx ulislom Ayubxon ibn Yunusxondan olgan. Keyin Buxoroda Mir Arab madrasasida tahsil ko’rgan. Aqoid, fiqh, tafsir va hadis bilimlarini chuqur egallagan va Naqshbandiya tariqatining namoyandasi sifatida tanilgan. O’rta Osiyo va Qozog’iston musulmonlari diniy boshqarmasi tashkilotchilaridan biri va uning birinchi raisi, muftiy (1943-57). Eshon Boboxon diniy boshqarma rahbari sifatida dindorlarning talab va ehtiyojlarini hisobga olish bilan birga boshqarma faoliyatini fashizmni tormor etish uchun frontga har tomonlama yordam ko’rsatish, xalqaro tinchlikni himoya qilish ishlariga yo’naltirgan. Eshon Boboxon Toshkentdagi Qaffol Shoshiy maqbarasi yoniga dafn qilingan.