ESHONTO’RAYEVA SORA ABDURAHMONOVNA
ESHONTO’RAYEVA SORA ABDURAHMONOVNA (1911.8.11, Namangan viloyati Beshbuloq qishlog’i — 1998.8.9, Toshkent) — aktyor, jamoat arbobi. O’zbekiston xalq artisti (1937). Moskvadagi o’zbek drama studiyasini tugatgan (1927). 1927 yildan Hamza nomidagi O’zbek davlat akademik drama teatri aktrisasi. 1943-45 va 1953-60 yillarda shu teatr direktori. Ijodining ilk davridanoq barcha janrlarda ish ko’rib, namunali natijalarga erishgan. «Hujum» (V.Yan, Cho’lpon)da Tursunoy, «Ikki boyga bir malay» (K.Goldoni)da Beatriche uning dastlabki rollaridir. 30-yillardan Eshonto’rayeva teatrda sahnalashtirilgan deyarli barcha asarlarda yetakchi bosh qahramon rollarini ijro etgan. Aktrisa qahramonlarining hissiyotinigina emas, shu bilan birga uning qat’iyati, irodasi va e’tiqodini ham aks ettirishga kirishdi. Onaxon (K.Yashin, «Nomus va muhabbat»), Jamila (Hamza, «boy ila xizmatchi»), Guloyim (H.Olimjon, «Muqanna»), Guli (I. Sulton, Uyg’un, «Alisher Navoiy»), Hurriyat (Uyg’un, «Hurriyat») va boshqalar shular jumlasidan. Bu obrazlar ijrosida aktrisa hamkasblari bilan birga teatr talqin maktabining yetuk namunalari sanaluvchi spektakllarga munosib timsollar yaratdi. Guli va Jamila obrazlari Eshonto’rayeva ijodida alohida o’rin tutadi. Guli Eshonto’rayeva ijrosida sevgi va sadoqatning tengsiz shaydosi va ma’sum qurboni sifatida idrok etilib, nafis va ta’sirchan tuyg’ular bilan ta’riflanadi. Jamila obrazida esa chorasiz ayolning chora izlashi, baxti uchun kurashida o’limga tik borishning badiiy ta’rifidagi ta’sir kuchi ajralib turadi. Eshonto’rayeva ijodi ilk yillaridan boshlab jahon mumtoz dramaturgiyasi namunalarini uzviy sahnalashtirish jarayonida kechdi. Studiyada «Revizor», «Malikai Turandot», «ikki boyga bir malay», «Qo’zibuloq qishlog’i» singari spektakllarda rol o’ynab tajribasi boyigan Eshonto’rayeva U. Shekspirning «Hamlet» fojiasida uni shuhratga burkagan Ofeliya rolini ijro etdi (1935). Aktrisa yorug’ dunyoga sig’magan muhabbati fojiasini Ofeliyani esdan og’ish darajasiga olib borgan hissiyotlar silsilasi girdobida o’ta ta’sirchan ta’rifladi. Hasad va ig’vo, ichqoralik Dezdemona («Otello») umrining zavoli bo’lganini aktrisaning nozik raftor, mehr to’la chehra, Baxtiyor ko’z qarashlari va hazin kechinmali sahnalarida ifoda etildi. Ketma-ket Gonfilya (U. Shekspir, «Qirol Lir»), Iokasta (Sofokl, «Shoh Edip»), Katerina (A. Ostrovskiy, «Momaqaldiroq»), Lyubov Yarovaya (K. Trenyov, «Lyubov Yarovaya»), Komissar (Vs. Vishnevskiy, «Hayotbaxsh o’lim»), Gusta Fuchik (G. Tovstonogov, A. Bragin, «mangu hayot») va boshqalar obrazlari ijod namunasini yanada boyitdi. Eshonto’rayeva ijodida onalar obrazi talqiniga o’tishi muhim ijodiy bosqich bo’lib, «Jazoir — mening Vatanim» (M.Dib) spektaklidagi ayni dastlabki qadam bo’ldi. Sedzu (M. Kaoru, «O’g’irlangan umr»), ona (K.Yashin, «Buxoro»), Ona (V.Delmar, «G’ariblar») kabi obrazlar turkumi yaratildi. Eshonto’rayeva qahramonlari xarakterini ijtimoiy va psixologik asoslarini chuqur ochib beradi, ularni ruhiy go’zallik va optimistik ruh bilan ta’minlaydi. Qahramonlari lirik nafosat va ayni chog’da qahramonlik fazilatlariga ega. Har tomonlama tahlil va tadqiq etish, samimiylik, kuchli his-hayajon Eshonto’rayeva ijrochiligiga xos belgilardir. Eshonto’rayeva kino, telefilm, telespektakllarda ham bir nechta rollar ijro etgan. U O’zbekiston teatr jamiyati boshqaruvining raisi (1946-55 va yana 1981-85) va boshqalar nufuzli jamoat tashkilotlarida ishlagan. Davlat mukofoti (1949, 1967, 1977), Hamza nomidagi O’zbekiston Davlat mukofoti (1967) laureati. «Sog’lom avlod uchun» (1993), vafotidan so’ng «Buyuk xizmatlari uchun» (2004) ordenlari bilan mukofotlangan. Ad.: Uvarov G., Sara Ishanturaeva, M., 1951;Avdeeva L., Sara Ishanturaeva, T., 1960; Mahmudova S. Bir yurakning yuz jasorati, T, 1983. Toshpo’lat Tursunov.