Eski xronikalar nimalardan so’zlaydi?

Odamlar o’tmish voqealari haqidagi hikoyalarni ularni avlodlar uchun saqlashga intilgan holda allaqachonlardan beri qayd etib keladilar. Xronikalar (qadimgi yunon tilidagi «xronos» — vaqtdan) tartib berish shu taxlitdagi dastlabki urinishlardan biri bo’lgan. Asrlar davomida kishilar xotirasida saqlangan qadimgi davlatlar haqida, mashhur podshohlar va lashkarboshilar, tabiatning g’aroyib hodisalari to’g’risida yorqin va shiddatli tarzda hikoya qiluvchi xronikalar vaqtning me’yorli va muqarrar kechishini anglata oldilar. Voqealar sanab o’tiladigan solnomalardan farqli o’laroq xronikalarga o’tmishning serjilo manzaralari darj etilgan edi. Teatr yorituvchisi sahnadagi qahramonlarning goh u, goh bu guruhi ustiga nurni yo’naltirgani singari xronikanavislar ham gohida olamning yaratilishi haqida hikoya qilsalar, gohida o’quvchini Aleksandr Makedonskiy qo’shinlari izidan ergashtirdilar, ba’zan esa Rim va Vizantiya imperatorlarining saroyilariga bosh suqadilar. Har bir voqea va har bir zot xronikada o’zining bir bora va har doim belgilangan mavqeiga ega bo’ladi. Binobarin xronikanavislar u yoki bu mamlakat rivojlanishi tarixini shunchaki hikoya qilib berish bilan cheklanmasdan, har bir xalqning jahon tarixi yagona oqimidagi o’rnini ham belgilaydilar. Grigoriy Amartol va Ioann Malalo xronikalarining tarjimalari Rusda X —XI asrlardayoq paydo bo’lgan edi. Mamlakat solnomalari va xronografiyalari tartib berilayotganda ulardan keng foydalanildi. Tarixiy voqealarni bajonidil bayon qilayotgan solnomachilar xronikalardan o’tmishning yorqin va o’quvchi uchun qiziqarli manzaralarini izladilar. Ular o’sha olis zamonlardayoh xronika — bu, eng avvalo, qiziharli adabiy asarligini, shunchaki quruq tarixiy manba emasligini anglab etgan edilar. Turli xalqlar va zamonlar adabiyotida xronikalardan keng foydalanildi. Uyg’onish davridayoq yozuvchilar real tarixiy voqealar haqida yorqin va sertasvir xronikalar tarzida hikoya qilib berdilar (masalan, Uilyam Shekspir). Xronika shakli sarguzasht asarlar mualliflarini ham maftun etadi. Hech bo’lmasa, A. Dyuma qalami sharofatidan mangulikka daxldor bo’lgan D ‘Artanyan tarixini eslab ko’raylik. Jahon tarixi voqealari girdobiga tushib qolgan qahramoni yorqin va mashhur shaxsga aylandi. M. Dryuon xronikalarining qahramonlari ham aynan shu tarzda jonlantirilgan. Turli yo’nalishlarga mansub yozuvchilar bizning zamonamizda ham xronika usulidan tez-tez foydalanadilar (D. Tolkien, U. Le Guin, A. Norton asarlari). Faqat bu holda muallif uchun asosiysi tarixiy emas, balki qahramonning sarguzashtlari haqida hikoya qilinadigan o’ylab topilgan yoxud olis kelajakdagi zamon sanaladi (M. Murkokning «Korum xronikasi»). Hatto so’nggi yadro urushi va yangi odamlar jamiyati tug’ilishi haqida hikoya qiluvchi ilmiy-fantastik romanlar ham xronikalar shaklida yaratilmoqda (G. Robins). Jahon adabiyotining eng qadimiy janrlaridan birining umri shu tariqa davrimizda ham davom etayotir.