ETNOGENEZ

ETNOGENEZ (etno… va …genez) xalqning kelib chiqishi. Tarix fanidagi mavjud ilmiy metodologik ishlanmaga ko’ra, Etnogenez deb ilgaridan mavjud bo’lgan bir necha etnik komponentlar asosida yangi etnos (elat)ning vujudga kelishiga aytiladi. «Etnogenez» tushunchasi fanga ilk marotaba 20-asr ning 20-yillarida N.Ya.Marr tomonidan kiritilgan. Har bir xalqning tarixi uning Etnogenezi va etnik tarixi bilan uzviy bog’liqdir. Etnogenez etnik tarixning ma’lum bosqichlarida vujudga kelib ma’lum bir etnosning elat, xalq bo’lib shakllanishiga qadar bo’lgan davrda davom etadigan tarixiy va etnomadaniy jarayondir. Odatda, biror bir xalqning Etnogenezini, uning etnik qatlamlari tarkibini aniqlamay turib, u xalq haqida, u tarkib topgan hudud va uning davlatchiligi haqida biror ilmiy tasavvur yaratish mumkin emas. Etnogenez jarayonida etnosni belgilovchi hududiy omillar: til va etnik nom birligi, etnomadaniy birlik, ijtimoiyiqtisodiy va xo’jalik, etnik nom (etnonim) hamda o’zlikni anglash birligi, siyosiy uyushma birligi, din umumiyligi va boshqalar qator etnik alomatlar muhim ahamiyat kasb etadi. Ushbu etnik alomatlar va belgilarning barchasi sodir bo’lgandagina etnos — xalq shakllanadi, ya’ni Etnogenez jarayoni yakunlanadi. Ammo amalda bu etnik alomatlar barchasi Etnogenez jarayonida, ya’ni muayyan bir vaqtda hozir bo’lishi yoki bir davrda muhim ahamiyat kasb etishi mumkin bo’lmagan. Jumladan, ma’lum bir xalqning tashkil topishida til birligi bosh rol o’ynagan bo’lsa, ikkinchi bir elatning shakllanish jarayonida xo’jalik, uchinchisida esa moddiy madaniyat yetakchi belgi bo’lgan. Ilmiy adabiyotlarda ko’rsatilishicha, Etnogenez jarayonning 2 usuli mavjud: 1) tub yerli (avtoxton) etnik komponentlarning o’zaro yaqinlashuvi, ularning qo’shilib, birgalikda taraqqiy etib borishi; 2) shakllangan yoki shakllanayotgan etnik birlikka boshqa hududlardan ko’chib kelgan komponentlarning mahalliy aholiga qo’shilishi. Odatda, yangi etnosning shakllanishi jarayonida, ya’ni Etnogenez bosqichida va undan keyin ham har xil tarixiy hamda ijtimoiy-iqtisodiy sabablarga ko’ra, uning tarkibiga yangiyangi etnik qatlamlar qo’shilib boradi. Yangi etnos vujudga kelgach, oldingi etnik komponentlar asta-sekin yo’qolib tarix maydonidan batamom chiqib ketadilar (masalan, saklar, massagetlar, toxarlar va boshqalar) yoki qisman (etnik tarkibi o’zgargan holda) saqlanib qoladilar. Shu o’rinda ta’kidlash joizki yangi etnik birlikning shakllanish jarayonining oxiriga etishi bilan ham etnik jarayon to’xtab qolmaydi. Shakllangan etnik birlikka turli davrlarda yangi-yangi komponentlarning qo’shilishi yoki undan ajralib chiqib ketish hollari etnik birlik shakllangandan keyin ham davom etadi. Darhaqiqat, dunyoda hech bir xalq yo’qki, u o’z Etnogenez jarayonining ilk bosqichlaridan to millat darajasiga ko’tarilgunicha boshqa etnik qo’shilmalarsiz rivojlangan bo’lsa. Jumladan, o’zbek xalqining Etnogenezi bunga yaqqol misoldir. O’zbek xalqi Etnogenezining ilk bosqichlaridan to xalq sifatida shakllanib bo’lguniga qadar uning asosiy tarkibini tashkil etgan avtoxton sug’diyxorazmiy va qadimiy turkiy qatlamlardan tashqari o’ziga turli davrlarda xilma-xil miqdorda mahalliy va tevarak atroflardan kelib qo’shilgan etnik guruhlarni singdirib borgan. Demak, yer sharidagi barcha xalqlar kelib chiqishi jihatidan ko’p etnik qatlamlidir. Etnogenezni tadqiq qilishda (ayniqsa, uning dastlabki bosqichlarini) etnologiya, etnik antropologiya, arxeologiya, etnolingvistika, folklor materiallarni jalb qilgan holdagi kompleks yondashuvni talab qiladi. Etnogenezga oid bugungi kunda turlituman qarashlar va kontsepsiyalar mavjud. Jumladan, ayrim mutaxassislar (L.N.Gumilyov) etnosni biofizik voqeiylik deb biladilar va shu bois Etnogenez tizimini tabiiy jarayonlar bilan bog’liq deb hisoblaydilar. Mazkur kontsepsiyaga ko’ra, etnos biosferaning tarkibiy qismi bo’lgani bois undagi qonuniyatlarga bo’ysunadi, Etnogenez esa biosferada sodir bo’ladigan jarayonlarning bir qismi deb hisoblanadi. Ad.: Bromley Yu.V., Ocherki teorii etnosa, M., 1982; Alekseev V.P., Istoricheskaya antropologiya i etnogenez, M., 1989; Gumilev L.N., Etnogenez i biosfera zemli, M., 1992; Sadoxin A.P., Etnologiya, M., 2000; Shoniyozov K., O’zbek xalqining shakllanish jarayoni, T., 2001. Adhamjon Ashirov.