FABULA
FABULA (lotincha fabula — masal, ertak, hikoya) — epik, lirik-epik va ba’zan dramatik asarlarda tasvirlangan voqea va hodisalarning bayoni, hikoya qilinish usuli. Ular mantiqan sababiy-davriy izchillikda bayon qilinadi. Fabula bayonida ekspozisiya, tugun, voqealar rivoji, kulminatsiya, yechim bir-biridan farqlanadi. Fabula syujetdan quyidagi tomonlari bilan ajralib turadi: 1) voqealar bayonining tartibi qahramonlar hayotida bo’lib o’tganidek emas, balki ayrim o’rin almashuvlar, ba’zi voqealarni tushirib qoldirish yoki keyin aniqlash tarzida amalga oshiriladi. Masalan, Ch. Aytmatoviing «Alvido, Gulsari» asarida shunday; 2) voqealar bayonining sub’ekga hadeb o’zini namoyon qilavermaydigan (Balzak, «Gorio ota») yoki o’zining emosional kayfiyatlarini oshkora ifodalaydigan (Gyugo, «kulib turuvchi kishi») muallifgina emas, balki tasvirlanayotgan voqealar guvohi bo’lgan hikoyachi (Mann, «Doktor Faustus») yoki asardagi biror qahramon (Xeminguey, «Alvido, qurol») bo’lishi ham mumkin; 3) voqealar bayonining motivi asarda esdalik xotira sifatida (Ayniy, «esdaliklar»), kundalik shaklida, maktub shaklida (Gyote, «yosh Verterning iztiroblari»), yilnoma tarzida (Saltikov-Shchedrin, «bir shahar tarixi») va boshqalar bo’lishi mumkin. Fabula bilan syujetning farqi ba’zi asarlarda yaqqol va Ravshan ko’rinishi, ba’zan esa kamroq sezilishi ham mumkin. Fabula vositalari orqali muallif asarda voqealar rivojini jonlantirishi, qahramonlar xarakteri tahlilini chuqurlashtirishi, nafasni kuchaytirishi mumkin. Adabiyotshunoslikda Fabula atroflicha o’rganilmagan, uni ortiqcha termin, syujet ichidagi tushuncha deb talqin qilish hollari ham uchraydi. Nodir Ramazonov.