FAKTURA

FAKTURA (lotincha factura — ishlov berish, tuzilish) — 1) iqtisodiyotda xaridor nomiga sotuvchi tomonidan beriladigan va sotilgan tovarning xili, miqdori va qiymati ko’rsatilgan tovar hujjati; 2) tasviriy san’atda badiiy asar sirti hamda uning ishlanish xususiyatlari. Rangtasvirda Faktura bo’yoq qatlamining xususiyatlarini: masalan, «ochiq» Faktura (keng-keng bo’yoq surtish, bo’yoqning notekis qatlami) yoki «yashirin» Faktura; haykaltaroshlik (haykal, relef va boshqalar) va amaliy bezak san’atida badiiy hunarmandchilik asari sirtining sayqallanganligi, g’adir-budurligi va hokazolarni ifodalaydi. 20-asr san’atida Fakturani murakkablashtirish (kollaj, bo’yoq qatlamiga qipiq, qum qo’shish) bo’yicha tajribalar tarqaldi; 3) musiqada muayyan asarni tashkil qiluvchi bayon vositalari (tembr, registr holati, ovozlar o’zaro nisbatlari va boshqalar) majmui.