FAKULTATIV KURS

FAKULTATIV KURS, ixtiyoriy kurs — oliy o’quv yurtlari talabalari va o’rta maxsus o’quv yurtlari o’quvchilari uchun nazariy bilimlarni kengaytirish hamda chuqurlashtirish maqsadida o’tiladigan majburiy bo’lmagan mashg’ulot turi. Fakultativ kurslar fan, texnika va madaniyatning eng yangi muammolari, shuningdek, biror o’quv fanini o’rganish davomida talaba (o’quvchi)larni qiziqtirib qolgan mavzu yoki bo’lim yuzasidan tashkil etiladi. Tavsiya etilayotgan Fakultativ kurslarning taxminiy ro’yxati, odatda, o’quv rejalarida aks etadi. Oliy o’quv yurtlarining ilmiy kengashlari hamda o’rta maxsus o’quv yurtlari pedagogik kengashlari talaba (o’quvchi)lar qiziqishlari hamda mintaqaviy ehtiyojlardan kelib chiqqan holda Fakultativ kurslarni tashkil etish huquqiga egadirlar. Fakultativ kurs praktikum, seminar, lab. mashg’uloti singari shakllarda ham uyushtirilishi mumkin. O’rta maxsus ta’lim tizimida Fakultativ kurslarni o’tish uchun oliy maktab va ilmiy tadqiqot muassasalari xodimlari, shuningdek, xalq xo’jaligi va madaniyat tarmoqlari mutaxassislari jalb etiladi.