FAN NOMZODI
FAN NOMZODI – O’zbekistonda beriladigan ilmiy daraja. Oliy o’quv yurtlari va ilmiy tadqiqot institutlari qoshidagi ixtisoslashgan ilmiy kengashlar tomonidan nomzodlik imtihonlarini topshirgan, fanning dolzarb muammolari bo’yicha mustaqil yozilgan dissertasiya tadqiqot ishini himoya qilgan oliy ma’lumotli shaxslarga beriladi. 1934 yilda ta’sis etilgan. Fan nomzodi ilmiy darajasini olish uchun yozilgan dissertasiyalar O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasi tomonidan nazorat tariqasida ko’rib chiqiladi va Fan nomzodi ilmiy darajasini tasdiqlovchi diplom beriladi. Fan nomzodi oliy o’quv yurti yoki ilmiy tadqiqot institutlarida dotsent, katta ilmiy xodim, kafedra, bo’lim, laboratoriya mudiri lavozimlarini egallash uchun tanlovlarda qatnashish va fan doktora ilmiy darajasini olish uchun yozilgan dissertatsiyani himoya qilish huquqiga ega. Fan nomzodi ilmiy darajasini olish uchun dissertasiya aspirantura ta’limi davrida yoki mustaqil ravishda yoziladi. Dissertasiyada yangi ilmiy va amaliy xulosa hamda tavsiyalar berilishi, tadqiqotchining mustaqil ilmiy ishlar olib borish qobiliyati namoyish etilishi, fanning mazkur sohasidagi nazariy bilimdonligi aks etishi lozim. Fan nomzodi ilmiy darajasini olish uchun yozilgan dissertasiyaning asosiy goyalari qator ilmiy-nazariy va amaliy yo’nalishdagi maqolalarda, tavsiya va qo’llanmalarda o’z ifodasini topmog’i kerak. Dissertasiyaning himoyasi oliy o’quv yurtlari va ilmiy tadqiqot institutlari qoshidagi Birlashgan ixtisoslashtirilgan ilmiy kengashlarda amalga oshiriladi. 2002 yil O’zbekistonda ilm-fanning turli sohalarida 8904 Fan nomzodi faoliyat yuritdi.