FAOLIYAT
FAOLIYAT — kishilarning tashqi olamga faol munosabati shakli, insonning o’zini o’zi maqsadga muvofiq tarzda o’zgartirish usuli, inson borlig’ining muhim xususiyatlaridan biri. Faqat Faoliyat zamiridagina inson mohiyati namoyon bo’lishi, jamiyatning, har qanday ijtimoiy tuzilmaning mavjudligi ta’minlanishi mumkin. Inson va jamiyat ehtiyojlaridan kelib chiqqan holda, Faoliyat shakllari, asosan, quyidagicha turkumlashtiriladi: moddiy Faoliyat (insonning o’z xavfsizligi ta’minlanishi, oziq-ovqat, kiyim-kechakka bo’lgan dastlabki ehtiyojlarining qondirilishi va mehnat qurollari orqali tashqi tabiatning o’zgartirilishi); ijtimoiy-siyosiy Faoliyat (ijtimoiy munosabatlarga, ijtimoiy hayotga ta’sir ko’rsatish); ma’naviy Faoliyat (ilm-fan, san’at, din, badiiy ijod va boshqa sohalardagi Faoliyat). Inson Faoliyati shakllari, turlari, avvalo, mehnat taqsimoti, odamlar, jamiyat ehtiyojining o’sishi jarayonida o’zgarib, rivojlanib boradi. Faoliyat elementlarini insonlar, inson ehtiyojlari va manfaatlari, Faoliyat predmeti, motivlari, Faoliyatning maqsadlari, amalga oshirish yo’llari, vositalari va usullari tashkil etadi. Faoliyat muayyan yaxlit jarayon sifatida o’zida mavjud olamni, ijtimoiy borliqni, amaliyotni o’zgartirish va tushuntirish dasturi hamda undan kelib chiqadigan harakatlar majmuini mujassamlashtiradi. Keyingi davrlarda Faoliyat funktsiyalarining murakkablashuvi, turlarining ortishi va chuqurlashishi kuzatilib, u ilmiy, amaliy, ijtimoiy ahamiyatga molik masalaga aylandi. Shu bois, Faoliyat bir qancha fanlar: psixologiya, sotsiologiya, siyosatshunoslik, ekologiya, iqtisodiy nazariya, huquqshunoslik, xususan, falsafaning ham maxsus tadqiqot ob’yekti sanaladi.