FARG’ONA «AZOT» ISHLAB CHIQARISH BIRLASHMASI
FARG’ONA «AZOT» ISHLAB CHIQARISH BIRLASHMASI – davlat aktsiyadorlik kompaniyasi, kimyo sanoatining yirik korxonasi. «O’zkimyosanoat» davlat-aktsiyadorlik kompaniyasi tarkibida. Fargona viloyatidagi Qirg’uli va Marg’ilon temir yo’l stansiyalari yaqinida joylashgan. Asosiy yo’nalishi — mineral o’g’itlar va o’simliklarni himoya qilishning kimyoviy vositalarini ishlab chiqarish. Suyuq texnik ammiak, karbamid, ammiak selitrasi, tsellyuloza diatsetati, sirka angidridi, natriy xlorat, magniy xlorat defoliantlari, quruq, muz, texnik kislorod, karbonat kislota va boshqa mahsulotlar ishlab chiqaradi. 1962 yil avgustda Fargona azotli o’g’itlar zavodi nomi bilan ishga tushirilgan. 1964 yilda korxonada birinchi ammiak mahsuloti ishlab chiqarildi. 1965 yildan ammiak suvi, texnik kislorod, magniy xlorat, 1967 yildan kuchsiz azot kislotasi ishlab chikarila boshlandi. 1968 yilda korxonaning 2-navbati ishga tushirildi va mahsulotlar turi va hajmi ko’paydi. 1994 yildan davlat-aktsiyadorlik kompaniyasiga aylantirildi. 1999-2002 yilning 1 choragida defoliantlar ishlab chiqarish tsexi qayta jihozlanib ishga tushirildi. Quyultirilmagan azot kislotasi va ammiak selitrasi tsexlari Rossiya va Chexiyadan keltirilgan uskunalar bilan jihozlandi. Yangi zamonaviy ammiak agregatini qurish, karbamid ishlab chiqarish tsexini qayta jihozlash va melamin tsexini qurish ishlari davom etmokush (2004). Mahsulotlari ichki bozorda sotiladi va chet ellarga eksport qilinadi.