FARINGIT

FARINGIT (Yunoncha pharynx — halqum va itis — yallig’lanish) — halqum (yutqin) shilliq pardasining yallig’lanishi. Faringit kechishiga qarab o’tkir va surunkali bo’ladi. O’tkir respirator kasalliklar, gripp va boshqa infektsion kasalliklar oqibatida ro’y beradi. Halqum shilliq pardasiga bevosita ta’sir etadigan omillar (sovuq havoda gaplashish, nafas olish, juda issiq yoki sovuq ovqatlar iste’mol qilish, spirtli ichimliklar ichish, chang havodan, gazlar bug’idan nafas olish va boshqalar) ham Faringitga sabab bo’lishi mumkin. O’tkir Faringitda halqum qurib, qichishadi, tupuk yutganda, ayniqsa,»quruq yutinganda» og’riq paydo bo’ladi, gavda trasi normal turadi, ba’zan bir oz ko’tariladi. Kasallikning oldi olinmasa, surunkali shaklga o’tishi mumkin. Surunkali Faringitda halqumda shilimshiq ajralma to’planadi, bemor ko’pincha yo’talib, balg’am tashlaydi; yo’talganda ba’zan ko’ngli aynib, qayt qilishi mumkin. Burun, murtak va chirigan tishlarning yiringli yallig’lanishi, surunkali tumov, organizmda moddalar almashinuvining buzilishi kasalliklari natijasida surunkali Faringit paydo bo’ladi. Havo quruqligi, traning keskin o’zgarishi, chang va gazli muhit kabi zararli omillar ham Faringit sababchisidir. Kasallikni keltirib chiqargan omillar o’z vaqtida yo’qotilmasa, u surunkali tus olib, halqum shilliq pardasining atrofiyasiga olib keladi. Faringitning oldini olishda halqum shilliq pardasiga ta’sir etadigan zararli omillarni yo’qotish, shamollashdan saklanish, organizmni chiniqtirish (halqumni sovuq suv bilan chayib turish), chang va gazli muhitda ishlovchilar maxsus himoya vositalaridan foydalanishlari lozim.