FARMOYISH

FARMOYISH — boshqaruvga doyir huquqiy hujjat; konstitutsiyaviy huquqda davlat boshlig’i va ijro etuvchi hokimiyat organlari tomonidan vakolatlari doirasida chiqariladi. Ijro etuvchi hokimiyat organining tez hal qilinishi kerak bo’lgan va boshqa joriy masalalarga oid qarori Farmoyish shaklida chiqariladi. O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 94-moddasida ko’rsatilishicha, Prezident konstitutsiyaga va qonunlarga asoslanib hamda ularni ijro etish yuzasidan respublikaning butun hududida majburiy kuchga ega bo’lgan farmonlar, qarorlar va Farmoyishlar chiqaradi. «Vazirlar Mahkamasi amaldagi qonunlarga muvofiq, O’zbekiston Respublikasi hududidagi barcha organlar, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar, mansabdor shaxslar va fuqarolar tomonidan bajarilishi majburiy bo’lgan qarorlar va Farmoyishlar chiqaradi» (O’zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi, 98-modda). Shuningdek, O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi Spikeri va Senat Raisi Farmoyishlar chiqarishi Konstitutsiyada ko’zda tutilgan.