FAXRIDDIN ROZIY MAQBARASI

FAXRIDDIN ROZIY MAQBARASI — ko’hna Urganchdagi me’moriy yodgorlik (12-asr 2-yarmi); Turkmanistonning Toshhovuz viloyati hududida. Xorazm shoxlari Otsiz (1128-56) va el Arslon (1156-72) davrida qurilgan deb taxmin qilinadi. Mahalliy aholi olim Faxriddin Roziy nomi bilan bog’laydi. Binoning asosiy qismi kubsimon shaklda (ichki o’lchami 3,5×3,6 metr, quyi qismi pastga tomon bir oz kengaygan), 12 qirrali poygumbaz ustiga 12 qirrali kulohiy gumbaz bog’langan. Uch tomonida tobadonli eshik joylashgan. Old tomoni silliklangan gishtlar bilan 3 ta ravoqli to’rtburchaklarga bo’lingan, yuzasi barg va novdalarning nozik uyg’unligidagi o’yma naqshlar bilan jozibador bezatilgan, to’rtburchaklar o’zaro yozuvli hoshiya naqsh bilan birlashgan. Tashqi gumbaziga Feruza rang g’ishtlar mavj usulida terilib xandasiy naqshlar hosil qilingan; tashqi gumbazidan ancha past bo’lgan ichki gumbaziga muqarnaslar ishlangan.