FAYZULLAYEV ORTIQ
FAYZULLAYEV ORTIQ (1933.1.5, Toshkent) — yog’och va suyak o’ymakori, O’zbekiston Badiiy Akademiyasi akademik (1999). O’zbekiston xalq rassomi (1997). Benkov nomidagi Respublika rassomlik bilim yurtini (1957) va Toshkent pedagogika institutining rasm-chizmachilik bo’limini (1969) tugatgan. 1962 yildan P. Benkov nomidagi rassomlik bilim yurtida pedagog. Fayzullayevning asarlari badiiy yetukligi, mazmunan teranligi, usulining yuksakligi bilan ajralib turadi, yogoch o’ymakorligi an’analaridan keng foydalanib zamon ruhiga monand o’ziga xos yangi jilo va bezaklar yaratdi. Kursi, xontaxta, stollarni o’yma naqshlar bilan jozibador bezagan, namoyon panjaralari bejirim, nafisligi bilan ajralib turadi. Fayzullayev — o’zbek ustalari orasida suyak o’ymakorligi bilan shug’ullangan yagona usta. «Cho’pon», «Lazgi o’yini», «Kurant», «Navoiy haykali», «paxta o’yini» va boshqa asarlari ko’rgazmalarda namoyish etilgan, sovrinlar bilan taqdirlangan. Fayzullayev Toshkent shahridagi Navoiy nomidagi Adabiyot muzeyi (1968), «moviy gumbazlar» choyxonasi (1970), Navoiy nomidagi san’at saroyi (1981), Kislovodskdagi O’zbekiston sanatoriysi (1982), «O’zbekiston» mehmonxonasi (1983) va boshqa binolarni an’anaviy bezashda faol qatnashgan. O’zbekiston Badiiy Akademiyasi Oltin medali bilan mukofotlangan (2003).