FEDCHENKO MUZLIGI

FEDCHENKO MUZLIGI – O’rta Osiyodagi eng katta tog’vodiy muzligi. Pomirning shimoli g’arbida. Uzunligi 77,4 kilometr, maydoni 824 kilometr kvadrat. Muzning qalinligi o’rta qismida 1000 metrdan ziyod. Muzlikning yuqori qismi 7480 metr, quyi qismi esa 2900 metr balandlikda. Qor chizig’ining balandligi 4650 metr. Muzlik uchidan Seldara daryosi boshlanadi. Muzlikning eng yirik bo’laklari Somoniyon, Garmo cho’qqilari tog’massivlari hamda shimoliy Tanimas tizmasi atroflarida vujudga kelgan. Fedchenko muzligi Yazg’ulom tizmasi shimol yon bag’ridan va bir necha cho’qqilar tagidan boshlanib, Fanlar Akademiyasi tizmasining Sharqiy yon bagri bo’ylab davom etadi. Balandkiyik daryosining vodiysiga keladi va 30 dan ortiq muzlikni qo’shib oladi. 1928-58 yillarda muzlik tili 30-35 metr pasayib firnli qismi 12 metr qalinlashgan. Fedchenko muzligining quyi qismini 1878 yilda V. F. Oshanin o’rgangan, o’rta va yuqori qismlarini dastlab 1928 yil Pomir ekspeditsiyasi tadqiq qilgan. Muzlik A. P. Fedchenko nomi bilan ataladi.