FERMA

FERMA (Fransuzcha ferme, lotincha firmus — mustahkam) — 1) qurilish mexanikasida — geometrik jihatdan uzgarmaydigan sterjenli tizim. Hisoblashlarda barcha tugunlari sharnirli deb qabul qilinadi; 2) tom yopish, bostirmalar qurish va ko’prik qurishda ishlatiladigan qurilish konstruktsiyasi. Devor yoki ustunlar oralig’i katta binolar (masalan, kinoteatrlar, bozor pavilonlari, sport zallari, sanoat korxonalari va boshqalar)da tom yopish uchun to’sinlardan foydalanish iqtisodiy jihatdan samarasiz hisoblanadi. Katta soy va daryolarga kuriladigan ko’priklar ham to’sinlardan ishlansa, ancha qimmatga tushadi. Shunday hollarda Fermadan foydalanish iqtisodiy jihatdan ancha samarali bo’ladi. Fermalar to’sin (balka) larning takomillashgan bir turi bo’lib, ular o’taydigan vazifani bajaradi. Materialning xiliga qarab, temirbeton, metall va yog’och Fermalar bo’ladi. Tashqi ko’rinishiga ko’ra, parallel tasmali, uchburchak shaklli va poligonal tasmali. v) Fermalarga bo’linadi. Fermalar panjarasining tuzilishiga qarab ham yana bir necha xillarga bo’linadi. Vazifasiga ko’ra, tom, ko’prik va kran Fermalari bo’ladi. Ko’prik Ferma ichida yukning harakatlanish sathiga qarab yuk ustki yoki pastki tasmada yuradigan Fermalar farqlanadi. Odatda, tashqi kuch (yuk)lar Ferma tugunlariga tushadi. Ferma sterjenlari tashqi kuchlar ta’sirida asosan siqilish va cho’zilishga ishlaydi. Fermaning barcha sterjenlari bir tekislikda joylashsa, tekis yoki yassi Ferma, har xil tekislikda joylashsa, fazoviy Ferma deb ataladi. Ikki tayanch orasidagi masofa quloch (prolyot) deyiladi; Fermaning tashqi konturida joylashgan sterjenlar tasmalar, ular orasida joylashgan sterjenlar panjaralar, panjaralarning tik elementlari ustun, kiya elementlari havon deb ataladi. Ferma tugunlari orasidagi gorizontal masofa panel deyiladi. Ferma materiali qanday bo’lishidan qat’i nazar tashqi kuchlar (masalan, tom plitalari) ta’sirida uning sterjenlarida vujudga keladigan ichki kuchlar qiymati materiallar qarshiligi va qurilish mexanikasi usullari yordamida aniklanadi. Ichki kuchlar aniqlangandan keyin bajariladigan hisoblash ishlari (Masalan, kesim tanlash, mustahkamligini tekshirish va boshqalar) tatbiqiy fanlarning usul va qoidalari asosida bajariladi.