FINIKIYA

FINIKIYA — O’rta dengizning Sharqiy sohilidagi qadimiy viloyat. Rivoyatlarga ko’ra, Finikiyaning aholisi Eritreya dengizi sohillaridan kelgan; ayrim finikiyalik tarixchilarning fikricha, finikiyaliklar Finikiyaning tub aholisidir. Miloddan avvalgi 5-4 ming yillikda Finikiya o’zining qulay geografik joylashuviga ko’ra, Mesopotamiya va Nil vodiysi aholisi bilan faol savdo-sotiq olib borgan. Miloddan avvalgi 2-ming yillik boshlarida quldorlik shahardavlatlari: Ugarit (Rasshamra), Sidon (sayda), Beruta (Bayrut), Arvad(Arad), tir (sur) va boshqalar vujudga kelib, ular miloddan avvalgi 12-asrgacha Misr fir’avnlari qo’l ostida bo’lgan. Miloddan avvalgi 13- asr oxiri — 12-asrning boshida Finikiya nihoyat Misr mustamlakasidan xalos bo’lgan. Miloddan avvalgi 1-ming yillikda Finikiya O’rta dengiz sohil bo’yining Markaziy va G’arbiy qismini egallab, bu yerlarga ko’plab finikiyalik savdogarlar va qaroqchilar kelishi avj olgan. Tasos orolida temir rudasi konlari ochilgan, Melkart xudosi ibodatxonasi va kichik qishloq bunyod etilgan. Atlantika okeaniga tutashgan shimoliy Afrika sohillarida, Like, Ispaniyaning Janub qismida, Gades, malaka, seksi, Abdera, Sisiliyada motiya, Panorm va Sardiyada Nora shaharlari qad ko’targan. Finikiyada hunarmandchilik, savdo-sotiq, kemasozlik juda taraqqiy qilgan; dengiz yo’llaridan keng foydalanilgan. Shaharlar o’rtasida hukmronlik uchun kurashlar natijasida kucheizlangan Finikiya miloddan avvalgi 8-7-asrlarda Ossuriyaga, miloddan avvalgi 6-asrda Bobilga, miloddan avvalgi 539 yildan 332 yilgacha Axomaniylar davlatiga bo’ysungan. Finikiya miloddan avvalgi 332 yildan makedoniyalik Aleksandr davlati, miloddan avvalgi 3-asr o’rtalaridan Salavkiylar davlati qo’l ostida bo’lgan. Shu vaqtdan boshlab Finikiyada ellinlashtirish jarayoni kuchaygan. O’rta dengiz bo’yidagi Delos, Afina va boshqa shaharlarda finikiyalik savdogarlarning faktoriyalari va uyushmalari paydo bo’lgan. Miloddan avvalgi 2— 1-asrlarda Kiprda Yunonfinikiya podsholigi vujudga kelgan. Miloddan avvalgi 63 yildan boshlab Finikiya Rimning Suriya provintsiyasi tarkibiga kirgan. Astasekin finikiyaliklar Suriyaning boshqa aholisi tarkibiga singib ketgan.