FINNA

FINNA, finka — tasmasimon chuvalchanglarning yuqumli lichinkalik bosqichlaridan biri. Oraliq xo’jayinda parazitlik qiladi. Finna pufakcha ko’rinishida bo’lib, uning ichida chuvalchang lichinkasining bitta yoki bir nechta boshchasi bor. Finna oraliq xo’jayinning har xil organlari (odatda, muskullar, jigar, miya, upka)da rivojlanadi. Asosiy xo’jayin (odam yoki umurtqali hayvonlar) Finnali organni yeb chuvalchangni yuqtiradi. Finnadan asosiy xo’jayin organizmida yetuk chuvalchang rivojlanadi. Finnaning tsistiserkoid (6 ilmoqli boshcha), tsenur (bitta pufakda bir necha boshcha), exinokokk (bitta yirik pufakda 2, 3 va hokazolar tartibdagi pufakchalar va ular ichidagi boshchalar), proserkoid va boshqa xillari bo’ladi.