FISJERALD (FITZGERALD) FRENSIS SKOTT

FISJERALD (FITZGERALD) FRENSIS SKOTT (1896.24.9, Sentpol, Minnesota shtati — 1940.21.12, Xeyvort, Gollivud) — Amerika yozuvchisi. 1913-17 yillarda Prinston universitetida o’qigan. «Jannatning bu tomoni bo’ylab» (1920) nomli birinchi romanida Fisjerald birinchi bo’lib «yo’qotilgan avlod», 20-yillar Amerika yoshlari tasviriga e’tibor qaratadi. «Yo’qotilgan avlod» Fisjerald ijodidagi asosiy mavzulardan bo’lib, uning 20-yillardagi ko’plab hikoyalari va «Go’zallar va xalokatga mahkumlar» (1922) romanida ham o’z aksini topgan. Amerika adabiyotidagi mumtoz asarlardan hisoblangan «Buyuk Getsbi» (1925) romanida Amerikaning har qanday amerikalik o’zining halolligi, g’ayrati, mehnatsevarligi bilan ijtimoiy pillapoyaning eng yuqori bosqichiga erisha oladigan mamlakat ekanligi haqidagi afsonani fosh etadi. «Muloyim tun» (1934) romanida esa iste’dodli psixiatrvrach, baland kayfiyatli idealist Dik Dayverining astasekin zavol topishi, boylik oldida taslim bo’lishi haqida hikoya qilinadi, romantik orzu-hayollar bilan haqiqiy hayot to’qnashuvidagi chuqur fojia tasvirlanadi. Tugallanmagan ijtimoiy romani «so’nggi magnat» (1941 yil nashr etilgan) Gollivud hayoti, undagi kishilarning xulqatvori haqida. Fisjerald, shuningdek, «yo’ldan ozdiruvchi ayollar va faylasuflar» (1920), «jaz asri ertaklari» (1922), «barcha g’amgin yigitlar» (1926), «tongda uyg’otuvchi ovoz» (1935) kabi hikoyalar to’plamlari, «halokat» avtobiografik ocherklar to’plami (1946 yil nashr etilgan), pyesalar, stsenariylar muallifi. Teran psixolog, o’tkir tanqidchi, nasr ustasi bo’lmish Fisjerald vafotidan ancha keyin, 50-yillarning o’rtalaridan mashhur bo’lib ketadi.