FITOFTOROZ
FITOFTOROZ, qizg’ish chirish — o’simliklarda fitoftora (Phytophtora) turkumiga mansub zamburuglar qo’zg’atadigan kasalliklar. Kartoshka, pomidor, piyoz, tsitrus ekinlari, olma va boshqalarda uchraydi. Kartoshka Fitoftorozida (qo’zg’atuvchisi — P.infestans) barglarda yirik dog’lar, nam obhavoda barglarning orqa tomonida oq g’ubor paydo bo’ladi, tuganagida dastlab qora dog’lar ko’rinadi, so’ngra ular qo’ng’ir rang olib, chiriydi va qattiqlashib qoladi. Zararlangan tuganaklar kartoshkani saqlash jarayonida yana boshqa kasalliklar bilan zararlanadi. Kurash choralari: kasallikka chidamli navlarni ekish, sog’lom urug’lik tayyorlash, fosfor-kaliy o’g’itlarini yuqori dozalarda qo’llash, fungisidlar purkash, kavlashdan oldin o’simlik palaklarini o’rib olish. Pomidor Fitoftorozida ham (qo’zg’atuvchisi — P.infestans) barglarning orqa tomonida oq g’uborli, poyasida g’uborsiz cho’ziq qo’ng’ir dog’lar, mevasida qo’ng’ir chirish paydo bo’ladi. Olma Fitoftorozi (qo’zg’atuvchisi — P.omnivora), asosan, daraxtning ildiz bo’g’zini zararlaydi, daraxt po’stlog’i ko’kbinafsha tus oladi va yorilib ketadi. Kurash choralari: to’kilgan mevalar yig’ishtirib olinadi va yo’q qilinadi. Yorilgan po’stloq tozalanib dezinfektsiya qilinadi, zararlangan joylari kuydiriladi.