FIZIOLOGIYA VA BIOFIZIKA INSTITUTI

FIZIOLOGIYA VA BIOFIZIKA INSTITUTI, O’zbekiston Fanlar Akademiyasi fiziologiya va biofizika instituti — fiziologiya va biofizika sohalari bo’yicha ilmiy tadqiqot ishlari olib boruvchi ilmiy muassasa. Dastlab 1959 yilda Zoologiya va parazitologiya instituti tarkibida umumiy fiziologiya laboratoriya tashkil etilgan. Laboratoriya 1969 yilda fiziologiya bo’limiga, 1975 yilda Fiziologiya institutiga aylantirilgan. 1985 yildan institutda biofizika sohasida ham tadqiqotlar olib borila boshlanishi bilan Fiziologiya va biofizika instituti deb atala boshlandi. Institutda ovqat hazm qilish, elektrofiziologiya, yoshlar fiziologiyasi, molekulyar fiziologiya, membranalar biofizikasi, hujayra biofizikasi, molekulyar biofizika laboratoriya mavjud. Institutda Markaziy nerv va endokrin sistemasining ichki organlar bilan o’zaro funktsional bog’lanishi, turli ekstremal omillar ta’sirida moddalar almashinuvi, termoregulyasiya sistemasining faoliyati, tabiiy va sun’iy membranalarni tadqiq qilish, nerv va muskul qo’zg’aluvchanlik, ion tashuvchi membranalar tuzilishining molekulyar mexanizmlari va boshqa muammolar ustida tadqiqot ishlari olib boriladi. Keyingi yillarda institut olimlari Orolbo’yi mintaqasida ro’y berayotgan ekologik tanglik va uning odam hamda hayvonlar organizmiga ta’sirini o’rganishmoqda. Institut qoshida odam va hayvonlar fiziologiyasi hamda biofizikasi bo’yicha ixtisoslashgan ilmiy kengash mavjud. Institut Yaponiya milliy fiziologiya instituti, AQSh ning Alabama va Luisvill universitetlari, Shotlandiyaning Glazgo universiteti bilan ilmiy hamkorlik qiladi. Institutda AQSh va Ukraina olimlari bilan hamkorlikda biofizikaga oid muammolar bo’yicha xalqaro kompleksmaqsadli dasturlar asosida ilmiy tadqiqot ishlari olib borilmoqda. Muzaffar Asrorov.