FLOBER (FLAUBERT) GYUSTAV

FLOBER (FLAUBERT) GYUSTAV (1821. 12.12, Ruan 1880.8.5, Kruasse, Ruan yaqinida) — frantsuz yozuvchisi. Parij universitetining huquqshunoslik fakultetida o’qigan. Yoshligidan hikoya, qissa yoza boshlagan. Asosan, «Bovari xonim» (1857) romani bilan shuhrat qozongan. «Salambo» (1862) romanida uzoq o’tmishda (miloddan avvalgi 3-asrning 2-yarmida) qadimgi Rimning Karfagenga qarshi kurashlari tarixi tasvirlangan, pok muhabbatni tahqirlagan zo’ravonlik, nohaqlik fosh etilgan. «Avliyo Antoniyning aldanishi» (1874) falsafiy dramasida, xususan, xristian dinining g’ayritabiiy qonunlarini Antoniy obrazi orqali keng ochib bergan. «Hislar tarbiyasi» (1869) romani, «Buvar va Pekyushe» (1881, tugallanmagan) hajviy romani, «siyqasi chiqqan haqiqat» parodiyasi (nashri — 1910) bor. Flober rus yozuvchilari I. Turgenev, L. Tolstoy bilan yaqin ijodiy aloqada bo’lgan. Ijodi Rossiyadagi peshqadam adabiy jamoatchilik diqqatini o’ziga tortgan. M. P. Musorgskiy uning «Salambo» asari asosida opera yozgan. Iste’dodli stilist bo’lgan Flober jahon adabiyotida realizm taraqqiyotiga katta ta’sir ko’rsatgan. As: Bovari xonim, T., 1976. Ad.: Reizov B. G., Tvorchestvo Flobera, M., 1955.