FOLKNER (FAULKNER) UILYAM
FOLKNER (FAULKNER) UILYAM (1897.25.9, Nyuolbani — 1962.6.7, Oksford, Missisipi shtati) — amerikalik yozuvchi. 20-asr jahon adabiyoti klassiklaridan. 1-jahon urushi yillari (1914— 18)da Kanada aviatsiyasida xizmat qilgan, lekin harbiy harakatlarda qatnashmagan. Missisipi universitetida o’qigan (1919). 1920 yil universitetni tashlab, Nyu-Yorkka ketgan. U yerdagi kitob do’konida sotuvchilik qilgan. Bir oz vaqtdan so’ng Oksfordga qaytib, un-tda pochtachi bo’lib ishlagan. 1925 yil Nyuorleanga kelgan. Shundan keyin Folknerning «askar mukofoti» (1926) va «chivinlar» (1927) romani chop etilgan, biroq, bu asarlar muvaffaqiyat qozonmagan. Folkner umidsizlanmay, «Sartoris» (1929) romanini yozgan. Asar voqealari Amerika Janubda joylashgan xayoliy Yoknapatora shahrida kechadi. Ushbu roman tanqidchilar e’tiborini tortgan bo’lishiga karamay, Folkner «Shovqin va g’azab» (1929) romanidan keyingina tan olingan. «O’lim to’shagida» (1930) romani 59 ta ichki monologdan iborat. «Ibodatxona» (1931) asari Gangster tomonidan zo’rlangan ayolning fohishaxonadan boshpana topishi haqida hikoya qiladi. Roman tez orada mashhur bo’lib ketgan. «Avgust yog’dusi» (1932) romanida irqchilik va puritanlik printsiplarining salbiy oqibatlari ochib tashlangan. «Avessalom, Avessalom» (1936) romanida Jan.da plantatorlarning «yangi dinastiya» sini yaratish uchun bo’lgan harakatlarning oqibatsizligi ko’rsatilgan. Folkner «Qishloqcha» (1940), «Shahar» (1957), «Qo’rg’oncha» trilogiyasi, «bu, o’n uchlar» (1931), «Kel, Muso» (1942) hikoya va novellalar to’plamlari muallifi. «Tanlangan asarlar» to’plami chop etilgach, Folkner asarlariga qiziqish birmuncha oshgan. 1962 yilda so’nggi romani — «Olibqocharlar»ni yoza boshlagan. Ammo asar tugallanmagan. Nobel mukofoti laureati (1949).