FOROBIY

FOROBIY (taxallusi; to’liq nomi Abu Nasr Muhammad ibn Muhammad ibn Uzlug’ Tarxon Forobiy) (873, Forob shahri — 950, Damashq) — O’rta Osiyoning ulug mutafakkiri va qomusiy olimi. Yunon falsafasini chuqur bilgani, unga sharxlar bitganligi va jahonga targ’ib qilgani hamda zamonasining ilmlarini puxta o’zlashtirib, fanlar rivojiga ulkan hissa qo’shgani uchun «almuallim asSoniy» («ikkinchi muallim», Aristoteldan keyin), «Sharq Arastusi» nomlariga sazovor bo’ldi. Forobiy Sirdaryo sohilidagi Forob (O’tror) degan joyda turkiy qabilaga mansub harbiy xizmatchi oilasida tavallud topadi. O’sha davrda Movarounnahrda Somoniylar sulolasi hukmronlik qilayotgan edi. Bo’lajak faylasuf boshlang’ich bilimini O’trorda olgandan so’ng, o’qishini Toshkent, Samarkand va Buxoroda davom ettirdi. Forobiy ilmini yanada chuqurlashtirish maqsadida Bag’dodga yo’l oladi. Olim yo’lyo’lakay Eronning yirik shaharlari Ray, Hamadon, Isfahon va boshqa joylarda bo’ladi. Bag’dodda yaqin va O’rta Sharq mamlakatlaridan kelgan talaba va olimlar to’plangan edi. Bu yerda ko’zga ko’ringan olimu fuzalolar bilan tanishdi, yunon falsafiy maktabi, turli fan sohalari namoyandalari bilan uchrashib, ulardan ilm sirlarini o’rgandi. Masalan, Abu Bashar matta ibn Yunusdan (870— 940) yunon tili va falsafasini, Yuhanna ibn Hiylondan (860-920) esa tibbiyot va mantiq ilmini o’rgandi. Ba’zi tarixiy manbalarda keltirilishicha, Forobiy 70 dan ortiq tilni bilgan. Olim 941 yildan Damashqda muhtojlikda kun kechira boshlaydi. Shunga qaramay ilm bilan shug’ullanadi, falsafa va boshqa fanlar sohasida tadqiqot ishlari olib boradi. U Aleppo (Halab) hokimi Hamdamid (hukmronlik yillari 943-967) iltifoti va hurmatiga erishadi. U olimlarning homiysi sifatida tanilgan edi. Hokim Forobiyni o’z saroyiga taklif etadi, lekin, u saroyga bormasdan, erkin hayot kechirishni ma’qul ko’radi. Shunga qaramasdan, allomaning Halabdagi hayoti sermahsul bo’ldi, bu yerda o’zining ko’plab asarlarini yozdi. Forobiy 949— 950 yillarda Misrda, so’ngra Damashqda yashaydi va shu yerda umrining oxirgi kunlarini o’tkazadi. U Damashqsagi «bob assag’ir» qabristoniga dafn etilgan. Mavjud ma’lumotlarga qaraganda, Forobiy 160 dan ortiq asar yozgan. Lekin ularning aksariyati bizgacha yetib kelmagan. Shunga qaramay, mavjud risolalarining o’ziyoq uning Bugok olim ekanligidan dalolat beradi. Forobiyning asosiy asarlari: «falsafani o’rganishdan oldin nimani bilish kerakligi to’g’risida», «falsafiy savollar va ularga javoblar», «Entsiklopediyadan mantiq bo’limining bir qismi», «Taliqot» (sharhlar), «Inson a’zolari haqida risola», «Bo’shliq haqida maqola», «donolik asoslari», «falsafaning ma’nosi va kelib chiqishi», «hayvon a’zolari, funktsiyasi va potentsiyasi», «mantiq to’g’risidagi risolaga muqaddima», «Mantiq ilmiga kirish», «ilmlarning kelib chiqishi haqida», «musiqa haqida katta kitob», «baxtsaodatga erishuv haqida», «masalalar mohiyati», «Buyuk kishilarning naqllari», «Ihso alulum», «Hikmat ma’nolari», «aql to’g’risida», «Ilmlar va san’atlar fazilati», «Qonunlar haqida kitob», «substantsiya haqida so’z», «falak harakatining doimiyligi haqida», «she’r va qofiyalar haqida so’z», «Ritorika haqida kitob», «hajm va miqdor haqida so’z», «Musiqa haqida so’z», «Fizika usullari haqida kitob», «fazilatli xulqlar», «Fozil shahar aholisining fikrlari», «Jismlar va aktsidentsiyalarning ibtidosi haqida», «Aristotel «Metafizika» kitobining maqsadi to’g’risida» va boshqalar. Forobiy asarlari 20-asrning 70-80-yillarida Toshkent va Olmaotada «Falsafiy risolalar», «mantiqiy risolalar», «matematik risolalar», «Ijtimoiy-axloqiy risolalar», «Tadqiqotlar va tarjimalar» nomlari ostida rus tilida nashr etilgan. Forobiy ilk o’rta asrda, Sharq Uyg’onish davrida ijod etdi. Bu davr ishlab chiqaruvchi kuchlarning o’sishi, hunarmandchilik, irrigasiya inshootlarining yuksalishi, yangi shaharlarning bunyod etilishi, madaniy va ma’naviy hayotning ravnaq topishi bilan ajralib turadi. 9-10-asrlarda ichki va tashqi savdo kuchaydi, ayniqsa, Hindiston, Xitoy, Vizantiya, Afrika mamlakatlari bilan aloqa yo’lga qo’yildi. Bu davr qarama-qarshilik va adovatlardan xoli emas edi. Forobiyning falsafiy qarashlarida o’sha davrning yutuq va kamchiliklari, murakkab va ziddiyatli jihatlari o’z ifodasini topdi. Olimning ilmfan oldidagi xizmatlaridan biri uning yunon mutafakkirlari asarlarini sharxlaganligi va ularni yangi g’oyalar bilan boyitganligidir. Alloma, eng avvalo, Arastu asarlariga sharhlar bitgan, uning naturfalsafiy g’oyalarining targ’ibotchisi va davomchisi sifatida tanilgan. Forobiy, shuningdek, Aflotun, Aleksandr Afrodiziyskiy, Evklid, Ptolemey, Porfiriy asarlariga ham mapjyiap yozganligi ma’lum. Bulardan tashqari, Gippokrat, Epikur, Anaksagor, Diogen, Xrisipp, Aristipp, Suqrot, Zenon asarlaridan xabardor bo’lgan hamda epikurchilar, stoiklar, pifagorchilar, kiniklar maktablarini yaxshi bilgan. Forobiy o’rta asrda mukammal hisoblangan ilmlar tasnifini yaratdi. U «Ilmlarning kelib chiqishi haqida», «ilmlarning tasnifi haqida» nomli risolalarida o’sha davrda ma’lum bo’lgan 30 ga yaqin ilm sohasining tavsifi va tafsilotini bayon qilib berdi. Mutafakkir tabiat va inson organizmiga xos bo’lgan tabiiy jarayonlarni o’rganuvchi ilm sohalarini birinchi o’ringa qo’ydi. Forobiy ilmlarni quyidagicha tasniflaydi: 1) til haqidagi ilm (grammatika, orfografiya, she’riyat, to’g’ri yozuv va boshqalarni o’z ichiga oladi); 2) mantiq (8 bo’limdan iborat bo’lib, tushuncha, muhokama, xulosa, sillogistika, dialektika, sofistika va boshqalarni o’z ichiga oladi); 3) matematika (arifmetika, geometriya, astronomiya, mexanika, optika, sayyoralar, musiqa va og’irlik haqidagi ilmdan iborat); 4) tabiiy ilmlar, ilohiy ilmlar yoki metafizika; 5) shahar haqidagi ilm (siyosiy ilm, fiqh, pedagogika, axloqshunoslik va kalom kiradi). Forobiy fanlarni tasniflashda borliq xususiyatlarining tahlilidan va ularning fanda aks etishidan kelib chiqadi. Uning tasnifi, eng avvalo, tabiatni, tafakkur va nutqni, til va mantiqni o’rganishga qaratilgan edi. Forobiyga kura, ilmlarning tasnifidan maqsad haqiqatni o’rganish va tasdiqlashdan, uni yolg’ondan farqlashdan iborat. Olimning fikricha, fanlar va umuman bilimlar borliqdan kelib chiqib, borliqni uzoq vaqt o’rganish asosida to’planib boradi. Turli ilmlar bir-birini inkor qilmaydi, balki o’zaro bir-biri b-n bog’liq holda rivojlanadi. Ular dunyoni idrok qilishga va insonlarning baxt-saodatga erishishiga qaratilgandir. Forobiyning fanlar tasnifida tabiiy va ijtimoiy fanlar o’z vazifasiga ko’ra bir-biridan farq qiladi. Masalan, matematika, tabiatshunoslik va metafizika ilmlari inson aql-zakovatini boyitishga xizmat qiladi, grammatika, she’riyat va mantiq esa fanlardan to’g’ri foydalanishni, bilimlarni boshqalarga to’g’ri tushuntirish, ya’ni akliy tarbiya uchun xizmat qiladi. Siyosat, axloqshunoslik va pedagogikaga ovd bilimlar kishilarning jamoaga birlashuvi, ijtimoiy hayotning qonun va qoidalarini o’rgatadi. Xullas, Forobiyning ilmlar tasnifi to’g’risidagi ma’lumoti o’rta asrda turli fanlarning rivojida muhim ahamiyatga ega bo’ldi, keyingi davrlarda yashagan olimlar uchun qo’llanma vazifasini o’tadi. Forobiyning ontologik qarashlari. Mutafakkir borliq muammosini «vujudi vojib» va «vujudi mumkin» ta’limotidan kelib chiqqan holda tushuntiradi. Uningcha, «vujudi vojib» barcha mavjud yoki paydo bo’lishi mumkin bo’lgan narsa, jism va moddalarning birinchi sababchisidir. Forobiy Xudoga birinchi sabab, birinchi mohiyat, deb ta’rif beradi. Xudo birinchi sabab sifatida boshqa sabab va turtkiga muxtoj emas. U yaratadi, lekin boshka narsalar tomonidan yaratilmaydi. Allohning zotiga qarama-qarshilik, ziddiyat, turli nuqsonlar, beqarorlik va boshqa jarayonlar xos emas. «Vujudi mumkin» esa barcha yaratilgan, mavjud bo’lgan va yaratilajak narsa va ashyolarni anglatadi. Forobiy tabiat, ashyo va jismlar turli shakllari muayyan izchillik va zaruriyat bo’yicha yuz beradigan tadrijiy jarayonlar asosida paydo bo’ladi, deb hisoblaydi. Butun mavjudotni sabab-oqibat nuqtai nazaridan 6 daraja (sabab)ga bo’ladi: Xudo — birinchi sabab; ikkinchi sabab esa osmon jinslari, so’ng faol aql, jon (annafs), shakl (assurat), modda yoki ashyolar (almodda). Xudo—vojibul vujud, ya’ni zaruriy mavjudlik bo’lsa, qolganlari — vujudi mumkin, ya’ni imkoniy mavjud narsalardir. Bular bir-biri bilan sababiy bog’langan. Xudo, ya’ni «vujudi vojib» birinchi bo’lib aqgsh faolni yaratadi. Aql esa har bir sayyoraga xos akqlni yaratadi. Eng so’nggi samoviy aql natijasida yerdagi aql-ruh va barcha moddiy jismlar, ya’ni 4 unsur: tuproq, havo, olov, suv paydo bo’ladi. 4 unsurdan esa nabotot odami, hayvonot olami, inson zoti va notirik tabiat vujudga keladi. Organik olamga o’simlik ruhi, hayvoniy ruh va insoniy ruh xosdir. Jismlarga harakat xos bo’lib, ular o’zaro bir-biri bilan bog’langan. Shunday qilib, Forobiyning borliq haqidagi ta’limoti keyingi davrlarda hurfikrlikning keng quloch yozishida muhim ahamiyatga ega bo’ldi. Forobiyning gnoseologik qarashlari, ya’ni bilish haqidagi ta’limoti ijtimoiy-falsafiy fikr rivoji tarixida alohida o’rinni egallaydi. Olimning bu boradagi fikrlari uning «mantiq to’g’risida risolaga muqaddima», «mantiqqa kirish», «akl to’g’risida», «falsafaning ma’nosi va kelib chiqishi» va boshqa asarlarida taxlil qilib berilgan. Mutafakkir inson yer yuzidagi oliy mavjudot ekanligini ta’kidlab, uning qobiliyati, tevarak-atrofdagi narsa va hodisalarni idrok qilish kuchiga katta baho beradi. Forobiy o’z asarlarida bilish shakllari, insonning ruhiy holati, jon va tananing o’zaro munosabati, mantiqiy fikrlash to’g’risidagi mulohazalarini bildiradi. Uning aytishicha, insonning bilish, ruhiy qobiliyatlarini miya boshqaradi, yurak esa barcha a’zolarni hayot uchun zarur bo’lgan qon bilan ta’minlovchi markaz vazifasini bajaradi. Forobiy «Ilm va san’atning fazilatlari haqida» kitobida tabiatni bilishning cheksizligini, bilim bilmaslikdan bilishga, sababiyatni bilishdan oqibatni bilishga, aktsidentsiya (alaraz)dan substantsiya (javhar) ga qarab borishni uqtiradi. Inson voqelikni idrok, sezgi, xotira, tasavvur, mantiqiy tafakkur, aql, nutq va boshqa vosita hamda usullar orqali bila oladi. Olim hissiy va aqliy bilish mavjudligini, ular bir-biridan farq qilishini ham aytib o’tadi. Hissiy bilishda sezgi a’zolari yordamida ashyolar, narsa va hodisalarning muayyan sifatlari bilib olinadi. Shu bilan birga, sezgi orqali narsa va buyumlarning muhim bo’lmagan tomonlari ham idrok qilinadi. Aql orqali esa buyum sifatlarini mavhumlashtirish orqali uning mohiyati va umumiy tomonlari bilinadi. Forobiy aqlni, bir tomondan, ruhiy quvvat, ya’ni tug’ma, 2-tomondan, ta’lim-tarbiyaning mahsuli ekanligini ta’kidlaydi. Forobiy davlatni boshqarishda, qonunlarga amal qilishda, kishilararo munosabatda, axloq va xulqodob qoidalariga rioya qilishda, ta’lim-tarbiyada akl hukmidan kelib chiqqan holda harakat qilish kerak, deb hisoblaydi. Forobiyning qimmatli fikrlaridan biri uning dunyoviy ruh va dunyoviy aql, ularning barhayotligi haqidagi ta’limotning talqinidir. Mutafakkirning nazarida kishining ruhi va aqli o’lganidan keyin yo’q bo’lib ketmaydi, balki dunyoviy ruh va aql bilan qo’shiladi. Demak, odamning ruhi va akli abadiylikka ketadi. Lekin ular hech vaqt qaytib kelmaydi va namoyon bo’lmaydi. Ular tanani tashlab ketgandan so’ng bir butunlikni tashkil etadi, aql va ruh yashash davomida orttirgan barcha ma’naviy boylik to’planib barhayot dunyoviy ruh va aklni tashkil etadi. Mutafakkirning bu ta’limotida dunyoning abadiyligi, inson zotining o’lmasligi, inson bilimlari va aqlining uzluksizligi, insoniyat ma’naviy madaniyatining taraqqiyoti haqidagi purma’no g’oyalar mavjud. Uning talqinida aqliy bilish koinot aqli yordamida haqiqiy ilmga aylanadi. Forobiy bilishning rasional usulini asoslagan buyuk mutafakkirdir. U falsafiy taraqqiyotda, kuzatuv, bahsmunozara, bilish usullari, hissiy mushohada to’g’risida o’z davri uchun e’tiborga molik fikrlarni ilgari surdi. Olim mantiq ilmiga bag’ishlangan bir necha risolalarning muallifidir. «Mantiq ilmiga kirish», «mantiq to’g’risidagi risolaga muqaddima», «She’riyat san’ati qonunlari haqida risola», «Kataguriyas» kitobi yoki «kategoriyalar», «Eysagoge» kitobi yoki «kirish» va boshqalar shular jumlasiga kiradi. Forobiy mantiq ilmining mohiyati va vazifasi haqida «mantiq to’g’risidagi risolaga muqaddima» asarida shunday deydi: «bu shunday bir san’atki, u har doim odam notiqlikda adashib qoladigan bo’lsa, to’g’ri fikrlashga olib keluvchi va aql yordamida biror bir xulosa qilinadigan bo’lsa, xatolarning oldini oluvchi narsalarni o’z ichiga oladi. Uning aqlga nisbatan munosabati grammatika san’atining tilga nisbatan munosabati kabidir. Grammatika odamlar nutqini to’g’rilagani kabi, u shuning uchun ham vujudga kelgan, mantiq ilmi ham xato kelib chiqishi mumkin bo’lgan joyda tafakkurni to’g’ri yo’ldan olib borish uchun aklni to’g’rilab turadi». Forobiy mantiq ilmining shakllari: tushuncha, muhokama, xulosa, isbot va boshqalarni tahlil qiladi. U induktsiya, deduktsiya va sillogizm (qiyoslash) haqida batafsil ma’lumot beradi. Olim o’zining «Mantiq ilmiga kirish» asarida esa hech qanday dalilisbotsiz bilinadigan fikrlarni 4 ga taqsimlaydi: maqbulot (ya’ni maqbul bo’lgan fikrlar); mashhurot (ya’ni, mashhur bo’lgan); mahsulot (ya’ni sezish va idrok natijasida bo’lgan); boshlang’ich ma’qulot (ya’ni bilimtushunchalar). Forobiy ularning har birini mufassal tasvirlaydi. Olim mantiq ilmi va uning maqsad hamda vazifalari, voqelikni bilishdagi o’rnini aniq ko’rsatib bera olgan. Forobiyning mantiq ilmi haqidagi qarashlari hozir ham ahamiyatini yo’qotgani yo’q, ular oliy o’quv yurtlarida qo’llanma vazifasini o’tamoqda. Forobiy dunyoqarashida ijtimoiy-siyosiy va axloqiy fikrlar ham muhim o’rinni egallaydi. Allomaning «baxtsaodatga erishuv haqida», «Fozil shahar aholisining fikrlari», «baxt-saodatga erishuv yo’llari haqida risola», «Buyuk kishilarning naqllari», «musiqa haqida katta kitob», «fuqarolik siyosati» va boshqa asarlari jamiyat va uni boshqarish, axloqodob va ta’limtarbiya masalalariga bag’ishlangan. Forobiy Yaqin va O’rta Sharq mamlakatlari faylasuflari orasida birinchi bo’lib, jamiyatning kelib chiqishi, uning maqsad va vazifalari haqidagi ta’limotni ishlab chikdi. O’rta asr sharoitida jamiyat tabiiy ravishda kelib chiqqanligini, inson faqat boshqalar yordamida hayot qiyinchiliklariga qarshi kurasha olishi mumkinligini asoslab berdi. «Har bir inson, — deydi Forobiy, — o’z tabiati bilan shunday tuzilganki, u yashash va oliy darajadagi yetuklikka erishmoq uchun ko’p narsalarga muhtoj bo’ladi, u bir o’zi bunday narsalarni qo’lga kirita olmaydi, ularga ega bo’lish uchun insonlar jamoasiga ehtiyoj tug’iladi… Bunday jamoa a’zolarining faoliyati bir butun holda ularning har biriga yashash va yetuklikka erishuv uchun zarur bo’lgan narsalarni yetkazib beradi. Shuning uchun insonlar ko’paydilar va erning aholi yashaydigan qismiga o’rnashdilar, natijada inson jamoasi vujudga keldi». Shaharlar, uning fikricha, insonlarning jamoa bo’lib uyushishining oliy shakli bo’lib, unda insoniy barkamol bo’lib etishishi uchun zaruriy sharoitlar bo’ladi. Forobiy insonlar tabiiy ehtiyoj natijasida o’zaro birlashib, jamoani tashkil qilganligini alohida ta’kidlaydi. Forobiy ulug’ gumanist, insonparvar faylasuf sifatida inson qadr-qimmatini kamsituvchi va o’zga mamlakatlarni bosib olishga asoslangan jamiyatga qarshi chiqadi. Mutafakkir odamlarni tinchtotuv va o’zaro hamkorlikda yashashga, insonparvar bo’lishga da’vat etadi. «Odamlarga nisbatan ularni birlashtiruvchi boshlang’ich asos insoniylikdir, shuning uchun odamlar insoniyat turkumiga kirganliklari uchun o’zaro tinchlikda yashamoklari lozim», — deydi mutafakkir. Forobiyning e’tiborga sazovor fikrlaridan biri jamiyat taraqqiyotida geografik muhitning o’rni masalasidir. Uning o’ylashicha, kishilarning muayyan qududda yashashi ularning turmush tarzi, urfodatlari, axloqi, xulq-odobiga ta’sir ko’rsatadi, jamoaga birlashuviga yordam beradi. U mukammal jamiyat to’g’risidagi ta’limotida odamlarni turli guruhlarga ajratadi. Bunda u insonlarni qaysi dinga e’tiqod qilishiga, irqiga qarab emas, balki aqliy qobiliyati, bilimi, ilm-fanga qiziqishini inobatga oladi. Forobiy din inson kamolotiga, ma’rifatga xizmat qilishi lozim, degan fikr tarafdori edi. Olimning dunyoqarashi diniy xurofotdan xoli bo’lib, din erkinligiga asoslangan. U Islom diniga, Qur’onga katta hurmat bilan qaradi. Uni kishilarni xulqodobga o’rgatuvchi manba deb bildi. Ayni vaqtda undan o’z garazli va shaxsiy manfaatlari yo’lida foydalanuvchi, jaholatga undovchilarning fikriga qo’shilmadi. Forobiy shahardavlatlarni Fozil va johilga ajratadi. Fozil shahar xalqini baxt-saodatga eltishi, uning boshlig’i esa adolatli, yuksak axloqli va ma’rifatli, o’zida butun ijobiy xislatlarni to’plagan bo’lishi lozim. Pekin, shunday shahar yoki mamlakatlar bo’ladiki, ularning aholisi nafsga berilgan, butun fikrizikri boylik to’plash bo’ladi. Forobiy bunday shaharlarni johil shaxarlar deb ataydi. Johil shaharlarning boshliqlari ham faqat boylik to’plashga ruju qo’ygan bo’ladi. «Ulardan chiqqan rahbar ham, — deb ta’kidlaydi alloma, — rahbarlikni moldunyo ko’paytirishda deb biladi. Shuning uchun ham ular ertayukech moldunyo to’plash harakatida bo’ladi. Bunday rahbarlarning qo’l ostida bo’lgan shahar xalqida har turli buzuq odatlar, shahvoniy nafs, bir-birini ko’rolmaslik, bir-birini talash, dushmanlik, nizojanjallar paydo bo’ladi». Forobiyning yozishicha, haqiqiy baxtga erishish uchun harakat qiluvchi, o’zaro yordam qiluvchi, xalqini birlashtirgan shahar — Fozil shahar hisoblanadi. Baxtga erishish maqsadida o’zaro yordam bergan va Birlashgan kishilar fazilatli jamoa bo’ladi. Forobiy fikriga ko’ra, davlatni idora etuvchi shaxs o’zining fazilat va xulq-odobi bilan ajralib turishi, xususan u 6 ta xislatni egallagan bo’lishi; ya’ni adolatli va dono bo’lishi, boshqalarga g’amxo’rlik qilishi, qonunlarga to’la rioya etishi va qonunlarni yarata olishi, kelgusini oldindan ko’ra bilishi kerak. Forobiyning talqinicha, Fozil shaharlar yuqori madaniyatli bo’ladi. Unda yashaydigan xalq o’zi istagan kasb-hunarni egallaydi. Bunday jamiyatda to’la erkinlik va teng huquklik hukm suradi. Forobiyning Fozil jamoa haqidagi ta’limoti uning axloqiy Kamolot va baxtsaodatga erishuv hamda insonparvarlik g’oyalari bilan chambarchas bog’liqdir. U o’zining ijtimoiy-falsafiy, siyosiy va axloqiy qarashlari markaziga insonni, uning maqsad muddaolarini o’rganishni, axloqiy Kamolot va baxt-saodatga erishuv yo’llarini ko’rsatishni qo’yadi. Axloqiy Kamolot deganda, xayrehsonli ishlar, go’zal insoniy fazilatlarni tushunadi. Axloqiy kamolotga xalakit beruvchi salbiy xislatlarga dangasalik, bekorchilik, bilimsizlik, ongsizlik, kasb-hunarsizlikni kiritadi. Forobiy aql, ilm va ma’rifatni baxtsaodatga erishishning asosiy vositasi deb bildi. Forobiy inson fazilatlarini tug’ma va yashash jarayonida paydo bo’ladigan fazilatlarga bo’ladi. Olimning fikricha, tug’ma fazilatlarga insonning o’ta o’tkir zehnliligi, biror narsani bilishga o’ta qobiliyatsizliligi kiradi. Lekin tug’ma fazilatlar hayotda kam uchraydi. Asosiy axloqiy fazilatlarni odam yashash davomida egallaydi. Tug’ma fazilatli odamlar ham tarbiyaga muhtoj. Agar unday odamni tarbiyalab va to’g’ri yo’lga solib turilmasa, uning qobiliyati tezda so’nib qolishi mumkin. Tug’ma qobiliyat ham nisbiy tushunchadir. Ba’zi kishilar tug’ma qobiliyatini ishga solib yaxshi natijaga erishsa, boshqalari yomon natijaga erishishi mumkin. Forobiy musiqani inson tarbiyasiga ta’sir qiluvchi omillardan biri deb Billi. U musiqani insonga nafosat, estetik zavq bag’ishlovchi, histuyg’ulari va axloqini tarbiyalovchi muhim vosita, deb hisoblaydi. Mutafakkir «Musiqa haqida katta kitob» nomli ko’p jildli asarida musiqa nazariyasi va tarixi, turli musiqa asboblari, kuylar va ularning ichki tuzilishi, tovushlar, ritmlar, ohanglar haqida ma’lumot berdi; ilmi iyqo, ilmi ta’lif fanlariga asos soldi. Yuqoridagi asarida o’tmishdagi musiqashunos va tadqiqotchilar musiqa taraqqiyotiga katta hissa qo’shganligini alohida qayd qiladi. Shuningdek, kuylar uyg’unligi, kuy ijro etish usullari haqida so’z yuritadi. Rivoyatlarda keltirilishicha, Forobiy yangi musiqa asbobi yaratgan, kuy bastalagan, mohir sozanda sifatida nom chiqargan. Forobiyning aytishicha, musiqiy tasavvurlar inson ruhining eng nozik joyidan qaynab chiqib, ohang holida sezgi quvvatlariga ta’sir qiladi. Forobiyning dunyoqarashi, uning jamiyat va axloq to’g’risida yaratgan yaxlit ta’limoti ilk o’rta asrlar va keyingi davrlarda ijtimoiyfalsafiy, siyosiy va axloqiy fikr rivojida muhim ahamiyatga ega bo’ldi. Uning qarashlari Sharq mamlakatlariga keng yoyildi. O’rta asr mutafakkirlari Ibn Xallikon, Ibn alKiftiy, Ibn Abi Usabi’a, Bayhaqiy, Ibn Sino, Ibn Boja, Umar Xayyom, Beruniy, Ibn Rushd, Ibn Xaldun va boshqalar. Forobiyning ta’limotini chuqur o’rganib, uni yangi g’oyalar bilan boyitganlar. Buyuk mutafakkir va shoirlardan Alisher Navoiy va Abdurahmon Jomiy, Jaloliddin Davoniy Forobiyning ijtimoiy-falsafiy, siyosiy va axloqiy ta’limotidan bahramand bo’lganlar. Forobiy ilgari surgan fikrlar 16-20- asrlarda ham musulmon mamlakatlari olimlari tomonidan katta qiziqish bilan o’rganildi. Mutafakkir qoldirgan meros faqat Sharq mamlakatlarida emas, balki Yevropada ham tarqaldi va ijtimoiy-falsafiy fikr taraqqiyotida sezilarli ta’sir ko’rsatdi. Forobiyning ilmiy merosini o’rganish 20-asrning 1-yarmida boshlangan. Yevropa olimlari Karra de Vo, R. Xorten, M. Alonsa, D. M. Donlap, A. Shtekl, T. U. Buur, B. M. Shtrenshneyder, G. Ley, R. Xammond, R. de Erlanjer, I. Goldtsier, F. Deterisi, G. Farmer, N. Rishar va boshqalar Forobiyning ilmiy merosini o’rganishga o’z hissalarini qo’shdilar. Rus olimlari A. Krimskiy, M. M. Filippov, T. I. Raynov, V. V. Bartold, E. E. Bertels, S. N. Grigoryan, O. V. Traxtenberg, A. V. Sagadeev, A. M. Johid va boshqalar Forobiy asarlarini tadqiq etish borasida ko’p ish qildilar. Yaqin va O’rta Sharq mamlakatlari olimlari Dexxudo Husayniy, alFaxuri, Usmon Amin, M. Maxdi, Sayd Nafisiy, I. Madkur, Rajabi Tabriziy, Mexrdod, A, Atesh, Oydin, Umar Farrux, Saidhusayn Nosir, Mahmud Abbos, Turker va boshqalar Forobiyning hayoti va ijodi bilan qiziqdilar. Qozoq olimlari A. Moshanov, A. X. Qosimjonov, A. Kubasov, S. K. Satibekova va boshqalar Forobiyning asarlarini rus tilida chop etib, ijtimoiy-falsafiy, mantiqiy va axloqiy qarashlarini tahlil qildilar. Forobiyning boy ilmiy merosini o’rganishda, ayniqsa, o’zbek olimlarining hissasi katta bo’ldi. A. Saadiy, T. N. QoriNiyoziy, I. M. Mo’minov, V. Y. Zohidov, M. K. Oripov, R. Nosirov, H. Aliqulov, O. Fayzullaev, A. Kaziberdov, A. Irisov va boshqalar allomaning hayoti, ijodi va falsafiy qarashlari haqida ilmiy tadqiqot olib bordilar. M. M. Xayrullaev sobiq Sho’rolar davrida birinchi bo’lib I. M. Mo’minov rahbarligida 1966 yil Forobiyning falsafiy merosi hamda dunyoqarashiga bag’ishlangan doktorlik dissertatsiyasini himoya qildi va O’zbekistonda forobiyshunoslikka asos soldi. Respublikamiz mustaqillikka erishgach, qomusiy olimning asarlari o’zbek tilida chop etila boshladi, uning boy merosi xolisona, tarixiylik va mantiqiylik tamoyillari asosida yoritila boshlandi Oliy o’quv yurtlari, maktab va kutubxonalar, ko’chalar uning nomi bilan ataladi. As: Risolalar, T., 1975; Filosofskie traktati, Almaata, 1972; Fozil odamlar shahri, T., 1993. Ad: Xayrullaev M. M., Forobiy va uning falsafiy risolalari, T., 1963; Xayrullaev M. M., Abu Nasr Forobiy, T., 1966; Grigoryan S. N., Srednevekovaya filosofiya narodov Blijnego i Srednego Vostoka, M., 1966; Xayrullaev M. M., Mirovozrenie Farabi i ego znachenie v istorii filosofii, T., 1967; Xayrullaev M. M ., Uyg’onish davri va Shark mutafakkiri, T., 1971; Xayrullaev M. M., Farabi. Epoxa i uchenie, T., 1975; iz filosofskogo naslediya narodov Blijnego i Srednego Vostoka, T., 1972; Alfarabi. Nauchnoe nasledie. Sbornik, M., 1975; Sosialnoutopicheskie idei v Sredney Azii, T., 1983; Alikulov X. A., Eticheskie vozzreniya misliteley Sredney Azii i Xorasana, T., 1992; Xayrullaev M. M ., O’rta Osiyoda ilk uygonish davri madaniyati, T., 1994; O’zbekistonda ijtimoiyfalsafiy fikrlar tarixidan, T., 1995; Jumaboev Y ., O’zbekistonda falsafa va axloqiy fikrlar taraqqiyoti tarixidan, T., 1997; Mo’minov I. M., O’zbekistondagi tabiiyilmiy va ijtimoiyfalsafiy tafakkur tarixidan lavhalar. T., 1999; Ma’naviyat yulduzlari, T., 1999. Muzaffar Xayrullaev, Haydar Aliqulov.