FUNGISIDLAR

FUNGISIDLAR (lotincha Fungus zamburug’ va caedo — o’ldiraman) — qishloq xo’jalik ekinlari kasalliklariga qarshi qo’llaniladigan kimyoviy moddalar, pestisidlarning bir guruhi. Fungisidlar o’simliklar kasalligi qo’zg’atuvchilarini yo’q qiladi, ularning rivojlanishini batamom yoki qisman to’xtatadi. Kimyoviy xususiyatlariga qarab Fungisidlar. anorganik (Bordo suyuqligi, ohakoltingugurt qaynatmasi, tuyilgan va kolloid oltingugurt, mis kuporosi, temir kuporosi, misning xlor oksidi va boshqalar) va organik (kaptan, Vektra, karatan, topaz, Bronotak va boshqalar) birikmalariga, shuningdek, antibiotiklar qatoriga kiradi. Kasallik qo’zg’atuvchilariga ta’sir etishiga ko’ra, Fungisidlar himoyaviy (oldini olish) va davolovchi turlarga bo’linadi. Himoyaviy Fungisidlar o’simliklarning zararlanishi va kasallik tarqalishi oldini oladi, asosan, qo’zg’atuvchilarning bo’linish (ko’payish) organlarini yo’qotadi. Davolovchi Fungisidlar o’simlik kasallanganidan keyin zamburug’ miseliysi, qo’zg’atuvchining ko’payish organlari va qishlaydigan bosqichlariga ta’sir etib, ularni nobud qiladi. O’simlik to’qimalari ichida tarqalish xususiyatiga ko’ra, sirtdan va singib (ichdan) ta’sir ko’rsatadigan turlarga bo’linadi. Sirtdan ta’sir etuvchi Fungisidlar o’simlik sirtidagi kasallik qo’zg’atuvchilariga bevosita tegib, ularni nobud qiladi. Ularning samaradorligi ta’sir qilish muddati, miqdori (dozasi), ishlov berilgan sathdan ushlanib qolish darajasi, tuproq-havo sharoitlariga bog’liq. Singib ta’sir etuvchi Fungisidlar o’simlik to’qimasiga barg, tana (poya), ildiz orqali o’tib, kasallik qo’zg’atuvchilariga ta’sir etadi yoki o’simliklarda modda almashinuvi jarayonida qo’zg’atuvchilarning rivojlanishini to’xtatadi; samaradorligi o’simlik to’qimalariga singish tezligi (qisman meteorologik sharoitlarga bog’liq) bilan belgilanadi. Ishlatilish sharoitlariga ko’ra, Fungisidlar urug’likni dorilashda, tuproqdagi kasallik qo’zg’atuvchilarini yo’qotishda, o’simliklarning tinim davrida (erta bahor — kurtak ko’kargunicha, kech kuz va qishda qo’zg’atuvchilarning qishlaydigan bosqichlariga), vegetasiya davrida (asosan, yozda kasalliklarning oldini olish preparatlari), omborlarni dudlash va purkashda qo’llaniladigan turlarga bo’linadi. Hozirgi davrda 200 dan ortiq Fungisidlar ma’lum, ularning 1500 dan ortiq birikmalari va preparatlari dust, emulsiya kontsentratlari, suspenziya, kukun, ho’llanuvchi kukun, aerozol, pasta ko’rinishida ishlab chiqariladi. Fungisidlarni ishlatish usullari: purkash, changlatish, sepish, urug’likni dorilash, urug’likni va omborlarni gazlash (fumigatsiya) va boshqalar. Fungisidlar bilan ishlashda texnika xavfsizligiga amal qilish lozim. O’zbekiston qishloq xo’jaligida 90-yillardan boshlab Yaponiya, Germaniya, AQSh, Shveytsariya, Hindiston firmalarida hamda «Navoiy elektrokimyo zavodi» aktsiyadorlik jamiyatidya ishlab chiqarilgan yuqori samarador Fungisidlar qo’llanilmoqda. Ko’pgina mamlakatlarda, shu jumladan, O’zbekistonda Fungisidlarni qo’llash qonun bilan tartibga solinadi. Ad.: Fungisidi, T., 1980; O’zbekiston Respublikasida ishlatish uchun ruxsat etilgan o’simliklarni himoya qilish vositalari ro’yxati, T., 2003. Abdukarim Zikiryoev.