FUQAROLIK PROSESSUAL KODEKSI
FUQAROLIK PROSESSUAL KODEKSI (FPK) — fuqarolik prosessual huquq normalarining tizimga solingan majmui. Fuqarolik ishlarini ko’rishda sud faoliyatini, sudning qaror va ajrimlarini bajarishda sud ijrochisi, shuningdek, prosess ishtirokchilarining huquq va majburiyatlarini tartibga soladi. O’zbekiston Respublikasining FPKda fuqarolik sud ishlarini yurgizish vazifalari mamlakatning ijtimoiy va davlat tuzumini, fuqarolarning siyosiy, mehnat, uy-joy va boshqa shaxsiy hamda mulkiy huquqlarini va qonun bilan qo’riqlanadigan manfaatlarini himoya etishga xizmat qiladi. O’zbekiston Respublikasining FPK 1997 yil 30 avgustda qabul qilingan va 1998 yil 1 yanvardan kuchga kirgan. Unga O’zbekiston Respublikasining 2000 yil 14 dekabrdan 163-psonli qonuni bilan o’zgartish va qo’shimchalar kiritilgan. O’zbekiston Respublikasining FPK 5 bo’lim, 40 bob, 391 moddadan iborat. Birinchi bo’lim umumiy qoidalardan iborat bo’lib, sud qarorlari va bayonnomalari, sudga taalluqli ishlar, prosess ishtirokchilari, dalillar, sud xarajatlari, sud jarimalari, prosessual muddatlar, sud xabarnomalari va chaqiruvlari normalarini o’z ichiga oladi. 2 bo’lim 1 instantsiya sudida ish yuritish tartiblaridan iborat bo’lib, unda da’vo ishlarini yuritish, davlat organlari va b. organlar, shuningdek, mansabdor shaxslarning xattiharakatlari (qarorlari) ustidan berilgan shikoyat va arizalar bo’yicha ish yuritish, alohida tartibda ish yuritishga oid normalar o’z ifodasini topgan, 3 bo’lim sud qarorlari ustidan shikoyat berish va ularni qayta ko’rish, 4 bo’lim sud qarorlarining ijrosi, 5 bo’lim fuqarolik prosessida chet el fuqarolari va tashkilotlari, fuqaroligi bo’lmagan shaxslarning ishtiroki to’g’risidagi qoidalarni o’z ichiga oladi.