G’ALLAOROL TUMANI

G’ALLAOROL TUMANI – Jizzax viloyatigi tuman. 1926 yil 29 sentabrda tashkil etilgan. 1931 yilgacha Yangiqo’rg’on tumani deb atalgan. Viloyatning g’arbiy, Janubiy-g’arbiy qismida joylashgan. Shimoldan Forish, sharqdan Jizzax, Janubdan Baxmal tumanlari, Janubiy-G’arb va g’arbdan Samarqand viloyati bilan chegaradosh. Maydoni 2,0 ming kilometr kvadrat. Aholisi 128,1 ming kishi (2005). 1 shahar (G’allaorol), 2 shaharcha (Marjonbuloq, Qo’ytosh), 11 qishloq Fuqarolari yig’ini (Buloqboshi, Guliston, Ittifoq, Ko’kbuloq, Madaniyat, Mirzabuloq, Mo’ltob, Mulkush, Tozaurug’, Qipchoqsoy, G’o’bdin) bor. Markazi — G’allaorol shahri. Tabiati. Tumanning Markaziy va g’arbiy qismi tekislik, shimol va shimoliy-g’arbiy qismi qir, baland adir va tog’lardan iborat. Shimoldan Nurota tizmalari, sharqsan Molguzar tog’i bilan o’ralgan. Tuman hududining katta qismi uning Markaziy qismidan shimolga 350- 400 metrdan 1600-1900 metrgacha ko’tarilib boruvchi tekislik. Tekislik Nurota tog’i etaklarigacha davom etadi. Foydali qazilmalar l shahri qo’rg’oshin, rux, oltin, volfram. mahalliy ahamiyatga ega bo’lgan qum, shag’al, gips, granit, ohaktosh va boshqalar turli qurilish materiallari mavjud, shifobaxsh mineral suv manbai bor. Iqlimi keskin kontinental, yozi quruq, qishi sovuq. Yanvarning o’rtacha temperaturasi -2°, iyulniki 32°. Yillik yog’in 326 millimetr. Vegetatsiya davri 240 kun. Tuproqlari sariq tuproq, lyosslardan iborat. Markaziy va shimol qismidagi adirlarning tuprog’i lyoss ustida hosil bo’lgan bo’z, och bo’z, tipik bo’z tuproq. Soylik, jar ko’p. Tuman hududidan Sangzor daryosi oqib o’tadi. Yovvoyi o’simliklardan qo’ng’irbosh, rang, yalpiz, lola, lolaqizg’aldoq, Iloq, qiyoq, sho’ra, shuvoq, yantoq, na’matak, zira, zirk va boshqalar o’sadi. Yovvoyi hayvonlardan bo’ri, tulki, qobon, chiyabo’ri, arxar, quyon; sudralib yuruvchilardan toshbaqa, zaharli ilonlar, echkemar, kaltakesaklar; kemiruvchilardan kalamush, yumronqoziq, dala sichqoni; qushlardan burgut, tuvaloq, bedana, qirg’ovul, kaklik, kaptar yashaydi; suv havzalarida turli baliqlar uchraydi. Aholisi, asosan, o’zbeklar, shuningdek, tojik, tatar, rus va boshqa millat vakillari ham yashaydi. Aholining o’rtacha zichligi 1 kilometr kvadratga 61,9 kishi. Shahar aholisi 32,2 ming kishi, qishloq aholisi 91,6 ming kishi. Xo’jaligi. G’allaorol tumanida Marjonbuloq va Qo’ytosh volfram-molibden konlari, meva-konserva, sharob ishlab chiqarish korxonasi, parrandachilik aktsiyadorlik birlashmasi, avtokorxona, MTP, sutni qayta ishlash, qishloq xo’jalik texnikasini ta’mirlash, paxta tozalash, g’isht zavodlari bor. 230 ga yaqin firma, o’rta biznes, kichik korxona, mikrofirmalar faoliyat ko’rsatadi. «G’allaorol — Iordaniya», «G’allaorol — Turkiya», «G’allaorol — Belogorsk», «Vollastonit» (Qo’ytoshda) qo’shma korxonalari ishlab turibdi. Qishloq xo’jalikda g’allachilik, bog’dorchilik, tokchilik, chorvachilik (shu jumladan, qorako’lchilik) rivojlangan. Ekin maydonlariga don, sabzavot, kartoshka, poliz va ozuqa ekinlari ekiladi. Shirkat, fermer xo’jaliklari, o’rmon xo’jaligi ilmiy ishlab chiqarish birlashmasi, urug’chilik firmasi va boshqalar bor. Tumandagi jamoa va shaxsiy xo’jaliklarda qoramol, qo’y va echki, parranda, yilqi boqiladi. Tuman hududidagi kanallar uzunligi 76 kilometr, zovurlar uzunligi 106,6 kilometr. 90 ga yaqin umumiy ta’lim, bolalar musiqa maktablari, kasb-hunar kollejlari, tuman Markaziy kutubxonasi va uning 33 ta tarmog’i (244 ming nusxa asar), 11 madaniyat uyi, 15 klub muassasasi mavjud. «Oltin boshoq» ashula va raqs, «Gashtak» folklor-etnografik dastalari faoliyat ko’rsatadi. Stadion, sport zallari va boshqa sport inshootlari bor. Tuman Markaziy kasalxonasi (520 o’rin), 4 poliklinika, tug’ruqxona, 55 feldsher-akusherlik punkti, 10 qishloq-vrachlik ambulatoriyasi, dorixonalar aholiga xizmat ko’rsatadi. Tuman hududidan katta O’zbekiston trakti va temir yo’l o’tgan. Tuman markazidan Toshkent, Samarqand, Jizzax shaharlari, viloyatning Baxmal, Gagarin, Paxtakor, Do’stlik shaharlariga avtobuslar qatnaydi. Tezyurar Toshkent — Samarqand elektr poyezdi tuman hududidan o’tadi. G’allaorol tumanida Oydinsoy (miloddan avvalgi 1-asr), Qo’ng’irtepa, Shaxidtepa (1-asr), Almantepa, Jalmantepa, Lapaktepa, Pardakultepa, Nushkent kabi tarixiy arxeologik yodgorliklar bor. «G’alla-Orol ovozi» tuman gazetasi chop etiladi.