GALVANIZASIYA
GALVANIZASIYA (L. Galvani nomidan) — tibbiyotda kuchi (50 ma) va kuchlanishi past (60-80 V) bo’lgan o’zgarmas elektr toki b-n davolash, elektroterapiya usuli. Bemorga tok ko’pincha plastinkasimon qo’rg’oshin elektrodlar orkali beriladi. Badanni kuydirib qo’ymaslik va tok tanaga bir tekis taqsimlanishi uchun elektrodlar suv b-n ho’llangan mato ustidan qo’yiladi. G. ta’sirida organizmning hujayra va to’qimalarida murakkab fizik-kimyoviy jarayonlar (to’qima suyuqligining harakati, ionlarning taqsim-lanishi, hujayra membranasining o’tkazuvchanligi, shuningdek moddalar almashinuvi va fermentativ jarayonlarning o’zgarishi) ro’y beradi. G. nerv sistemasining faoliyatini yaxshilaydi, og’riqni bosadi, shikastlangan nerv tolalari va b. to’qimalardagi tiklanish, so’rilish jarayonini tezlatadi. Radikulit, nevrit, nevralgiya, bo’g’imlarning surunkali yallig’lanishi, miyaning zararlanishidan kelib chiqadigan asoratlar, moddalar almashinuvi kasalliklari va sh.k.ni davolashda qo’llaniladi.