G’ARBIY SAHROI KABIR
G’ARBIY SAHROI KABIR – Afrikaning shimoliy-g’arbiy qismidagi hudud. Sahroi Kabir cho’lining g’arbiy qismida, Atlantika okeani sohilida joylashgan. Shimolda Marokash, shimol-sharqdan Jazoir, Janub va sharqdan Mavritaniya bilan chegaradosh. Maydoni 266 ming kilometr kvadrat. G’arbiy Sahroi Kabir ikki qism: Sagiet al-Hamra (shimol, 82 ming kilometr kvadrat) va Rio-de-oro (Janub, 184 ming kilometr kvadrat) dan iborat. Aholisi 200 ming kishi (1992), asosan, mavrlar. Asosiy tili — Arab tili, dini — Islom. Relefi tekislik bo’lib, qadimgi Afrika platformasining Al-Ayyun bukilmasida joylashgan. Eng baland joyi shimol-sharqida, Atlas tog’i etaklarida. G’arbiy Sahroi Kabir tabiat resurslariga boy. Foydali qazilmalardan fosforit, temir, mis rudalari, neft, kaliy tuzi, simob, marganes, uran konlari bor. Iqlimi katta qismida tropik cho’l, sohil qismida birmuncha yumshoq dengizbo’yi iqlimi. O’rtacha oylik temperatura 17-20°dan 25-30° gacha. Yillik yog’in 50-200 millimetr. Daryolari mavsumiy. O’simliklari buta va o’tlardan iborat. Vohalarda akatsiya, palma, fikus o’sadi. Hayvonlardan tuyoqlilar, sudraluvchi va mayda kemiruvchi ko’p. Yirtqichlardan gepard, chiyabo’ri, sirtlon yashaydi. Qirg’oqqa yaqin suvlari baliqqa boy. Aholi, asosan, chorvachilik bilan shug’ullanadi. Tuya, qo’y va echki boqiladi. Arpa, bug’doy, sabzavot ekinlari ekiladi. Qadimda G’arbiy Sahroi Kabirda Afrika shimoldan kelgan barbar qabilalari yashagan. 7-asrda hududni arablar egallagan. 9-11-asrlarda G’arbiy Sahroi Kabir Gana imperiyasi, 11 -12- asrlarda Al-Moraviylar davlati tarkibida bo’lgan. Yevropaliklar hududga ilk bor 15-asr oxirlarida kelib o’rnasha boshlaganlar. 1887 yilda Ispaniya Riode-oroni o’z ta’sir doirasidagi hudud deb e’lon qildi. 1904 va 1912 yillardagi Frantsiya—Ispaniya bitimlariga ko’ra, Sagiet al-Hamrani ham o’z mulkiga qo’shib oldi. 1959 yilda G’arbiy Sahroi Kabir Ispaniyaning «dengiz orti provintsiyasi» deb e’lon qilindi. Mahalliy xalq ozodlik uchun faol kurash olib bordi. 1970 yilda Al-Ayyunda mustamla-kachilarga qarshi katta ommaviy chiqishlar bo’ldi. 1973 yilda Sagiet al-Hamra va Rio-de-oroni ozod qilish fronti — POLISARIO tashkil topdi (Bosh kotibi Muhammad Abdulaziz). G’arbiy Sahroi Kabirda mustamlakachilik tuzumini bekor qilish to’g’risidagi masala BMTda 1966 yildan boshlab bir necha bor muhokama qilindi. 1975 yil 14 noyabrda Madridda imzolangan shartnomaga muvofiq Ispaniya 1976 yil fevral oyida o’z mustamlakasini Marokash va Mavritaniya ixtiyoriga o’tkazishini e’lon qildi. 1976 yil boshida Ispaniya qo’shinlari G’arbiy Sahroi Kabirdan chiqib ketdi. 1976 yil 27 Fevralda POLISARIO fronti G’arbiy Sahroi Kabirda Sahroi Kabir Arab Demokratik Respublikasi (SKADR) tuzilganligini e’lon qildi. 1976 yil 26-30 avgustda SKADR Konstitutsiyasi qabul qilindi. 1984 yilda SKADR Afrika birligi tashkilotiga a’zo bo’ldi, uni 70 davlat tan oldi. 1979 yilda Mavritaniya G’arbiy Sahroi Kabirga nisbatan hududiy da’vosidan voz kechdi. Marokash Mavritaniya nazorati ostidagi hududni ham egallab oldi. BMT Bosh Assambleyasi va Afrika birligi tashkiloti G’arbiy Sahroi Kabir muammosini hal etish maqsadida Marokash va POLISARIO fronti o’rtasida qurolli to’qnashuvlarni to’xtatish bo’yicha bitimlar tuzish va G’arbiy Sahroi Kabirda o’z taqdirini o’zi belgilash masalasi bo’yicha referendum o’tkazishni tashkil etishni yoqlab chiqdi. Biroq Marokash hukumati POLISARIO fronti bilan bevosita kelishib olishga qarshi. 1991 yilda BMTning xavfsizlik kengashi G’arbiy Sahroi Kabirda referendum o’tkazish bo’yicha BMT missiyasi tuzish to’g’risida qaror qabul qildi. Missiya xalqni o’z taqdirini o’zi belgilash masalasi bo’yicha referendumga tayyorgarlik ko’rish va uni o’tkazishni nazorat qilishi lozim. Biroq tomonlarning kelish-movchiligi tufayli referendum o’tkazish ortga surilmoqda. 1996 yilda Marokash bilan POLISARIO o’rtasida o’zaro aloqalarning yangilanishi munosabati bilan BMT missiya mandatini cho’zishga qaror qildi.