Geometriyani kim kashf etgan?

Geometriya — matematikaning tarkibiy bir qismi bo’lgan fan. Uning vujudga kelishi uylar, yo’llar qurilishini yengillashtirish, yer o’lchash kabi mutlaqo amaliy ehtiyojlar bilan uzviy bog’langan. «Geometriya» so’zining o’zi yunonchadan tarjima qilinsa, «yer o’lchash» degan ma’noni anglatadi. Odamlar yer bo’laklarini o’lchash zaruratiga juda erta duch keladilar. Miloddan 3-4 ming yillar avval Nil, Dajla va Furot vodiylaridagi unumdor yerlarning har bir bo’lagi kishilar hayotida muhim ahamiyat kasb etdi. Daryo toshqinlaridan keyin yerlarni qaytadan taqsimlashga to’g’ri kelardi, buning uchun esa muayyan handasaviy bilimlarga ega bo’lish lozim edi. Geometriya shu tariqa dunyoga keldi. Bizgacha yetib kelgan mixxat yozuvlarga asoslanib, tadqiqotchilar miloddan oldingi 2 minginchi yillardayoq odamlar maydonlarni uchburchak, to’g’riburchak shakllarga ajratishga, figura-jussalarning hajmini belgilashga muvaffaq bo’lishgan. Shunisi diqqatga sazovarki, miloddan oldingi VII asrda Samos orolida yerosti suvomborlari uchun lahm-tonnellar qurilgan. Ularni birvarakayiga ikki tomondan kavlash lozim edi, bu esa o’z navbatida jiddiy handasaviy hisob-kitoblarni taqozo etardi. Shuning barobarida bu fan Yevropadan tashqarida boshqa xalqlarda ham mustaqil ravishda rivojlantirildi. Bular — xitoyliklar va arablar edi. Ular Pifagor teoremasini yunonlar bilan deyarli bir vaqtda kashf etganlar.