GIPOTEZA

GIPOTEZA (yun. hypothesis – asos, taxmin) – hodisalarning qonuniy (sababli) bog’lanishi to’g’risidagi taxmштфт mulohaza, faraz. Gipoteza ilmiy bilishni rivojlantirish uchun asos bo’ladi. Gipotezaning mantiqiy jihatdan tahlil qilish (taqqoslash, analiz va sintez, mavhumlashtirish va umumiylashtirish) asosida bevosita bilimga o’tish, sababiy bog’lanish asosida qonuniyatlarni ochish kabi bosqichlari bor. Umumiy Gipoteza bir guruh hodisalar, jarayonlar xususiyati va sababi to’g’risidagi, xususiy Gipoteza alohida, yakka hodisalar, jarayonlar sababi to’g’risidagi taxmindir. Har qanday Gipoteza tekshirishni talab qiladi. Natijada uning ehtimolligi ortadi yoki kamayadi, haqiqatligi isbotlanadi yoki rad etiladi. Yangi faktlarni eski nazariyalar bilan izohlash mumkin bo’lmaganda, cheklangan miqdordagi faktlar va kuzatishlarni izohlashda Gipotezaga ehtiyoj tug’iladi. U keyingi bilimlarga, tekshirishlarga yo’l ochadi, yangi nazariyalar esa yana boshqa Gipotezani tug’diradi. Gipoteza bilish jarayonining ajralmas qismi sifatida muhim ahamiyatga egadir.