G’IRA-SHIRA
G’IRA-SHIRA — erta tong yoki shomda narsalar aniq ko’rinmaydigan («g’ira-shira ko’rinadigan») payt. Quyosh chiqishidan bir oz oldinroq yoki quyosh botishidan bir oz keyinroq yuz beradi. G’ira-shira optik hodisa hisoblanadi. Havo ochiq paytlarda G’ira-shira paytida osmon gumbazi chetida bilinar bilinmas shafaq paydo bo’ladi va kuchsizgina nur sochadi. G’ira-shiraning davomiyligi joyning geografik kengligiga bog’liq: ekvatorga yaqinlashgan sari G’ira-shira vaqti qisqarib boradi. Amaliy maqsadlar uchun G’ira-shira 3 davrga bo’lingan: fuqaro, navigatsiya va astronomiya G’ira-shiraligi davrlari. Fuqaro G’ira-shiraligi paytida quyoshning ufqdan pastligi 7° dan oshmaydi. Bunday paytda chiroqni yoqmasdan ba’zi ishlarni bajarish (mas, kitob o’qish) mumkin. Navigatsiya G’ira-shiraligi paytida quyoshning ufqdan pastligi 12° gacha bo’ladi. Bunday paytda chiroqni yoqmasdan hech narsa qilib bo’lmaydi. Astronomiya G’ira-shiraligi paytida quyoshning ufqdan pastligi 18° gachani tashkil qiladi. Bunday paytda yer yuziga butunlay qorong’ilik tushib, G’ira-shiralik xiyol bilinib turadi. Meteorlar va vulkanik hodisalar bilan bog’liq ba’zi o’zgarishlar tufayli atmosferaning yuqori qatlamlarida yuz berib turadigan xiralashish yoki yorug’lashish tufayli G’ira-shiraning yuqorida aytilgan xususiyatlari bir oz o’zgarishi mumkin.