Gomer kim?

Qadimgi yunon adabiyotidagi ko’plab asarlar orasida ikkita doston — «Iliada» va «Odisseya» alohida ajralib turadi. Aksariyat odamlar ularni umuman jahon adabiyotining eng ajoyib durdonalari deb hisoblashadi. Ko’p zamonlar ularni kichik Osiyodagi Kiosda yashagan so’qir shoir, Gomer ismli kishi yozgan deb hisoblangan. Biroq bizning kunlarimizda ko’pchilik olimlar Gomer yoki qaysidir bir boshqa odam buningdek asarni yakka o’zi yozganligiga shubha bildirmoqda. Bu dostonlar qay tarzda dunyoga kelganini hech kim bilmaydi, shuning uchun ham tadqihotchilar bu borada faqatgina jumboqlarni o’rtaga tashlaydilar, xolos. Ma’lumki, qadimgi Yunonistonda ko’pgina shoirlar shaharlardan — shaharlarga sayohat qilib yurishardi. Ular o’zlari to’qigan yoxud boshqalarning dostonlarini o’qigancha hukmdorlar, ayonlar va avomning ko’nglini choq qilar edilar. Troya urushi ular ijodida suyukli mavzulardan biri bo’lgan. Har bir shoir qadimiy yunonlar uchun bu muhtasham voqea haqida o’zicha hikoya qilib bergan. Biroq o’sha kezlarda, ehtimol, yozuv hali yo’qligi va she’rlarni yozib borishning imkoniyati ham bo’lmaganligi sababidan ular yodlab olinar va og’izdan—og’izda ko’chib yurardi. So’ngra, taxminan miloddan oldingi 800 yilda allaqanday bir buyuk shoir paydo bo’ladi. Ehtimol, o’sha Gomer bo’lgan, balki boshqa birovdir. U Troya urushi haqidagi eski she’riy hikoyalarni bir joyga jamladi va «Iliada» dostonini yaratdi. Troya shahrining boshqa nomi — Iliada tufayli u shunday nom olgan. Biroq keyinchalik, «Odisseya» ham aynan shu tariqa dunyo yuzini ko’rdi. Uning yakuniy varianti «Iliada» muallifiga emas, tag’in allakimgadir tegishli bo’lishi tamomila ehtimoldan xoli emas. Har ne bo’lganda ham, bu ikki doston aynan o’sha mavzuga bag’ishlangan boshqa dostonlardan shu qadar ustun ediki, Yunoniston bo’ylab kezib yuruvchi shoirlarning deyarli barchasi uni yodlab olgan va o’z mamlakatlariga ham yoygan edilar.