G’O’ZA TUNLAMI

G’O’ZA TUNLAMI, ko’sak qurti — tunlamlar oilasiga mansub kapalak. Paxta ekiladigan mamlakatlarda tarqalgan. G’o’za tunlamining qurti 120 dan ortiq o’simlik turini zararlaydi, ayniqsa, Tojiknston, O’zbekiston va Ozarbayjonda katta zarar yetkazadi. Qanotlari yoyilganda 30-40 millimetr; oldingi qanoti kulrang sariq, buyraksimon, yumaloq dog’li, orqa qanoti sarg’imtiroq, qo’ng’ir hoshiyali, o’rtasida to’q rangli oysimon dog’lari bor. Erkagi urg’ochisiga nisbatan ochiqroq rangda. Tuxumi och sarg’ish, o’ziga xos radial «qobirg’alari» bor. Qurtining rangi och yashildan to qizg’ish-qo’ng’irgacha, uzunligi 35-40 millimetr; boshi sariq, ko’krak qalqoni marmarsimon naqshli. Tanasi bo’ylab uchta keng yo’l o’tadi, qorni oqish. G’umbagi qizg’ish-jigarrang, uzunligi 15-20 millimetr. G’o’za tunlamining gumbagi tuproqda 10-15 santimetr chuqurlikda qishlaydi. Havo harorati o’rtacha 18— 20° bo’lganda gumbakdan kapalaklar yoppasiga uchib chiqa boshlaydi. O’rta Osiyoda birinchi avlod kapalaklarining uchib chiqishi 1 -1,5 oy (apr.may) davom etadi. G’o’za tunlami g’o’zaga shonalash boshlanganda o’ta boshlaydi, ungacha birinchi bo’g’in pomidor, no’xat, makkajo’xori va begona o’tlar (bangidevona, G’o’zor)da rivojlanadi. Kapalaklar o’simlik bargi va hosil organlariga 1-3 tadan tuxum qo’yadi. Bitta urg’ochi kapalak o’rtacha 500, ba’zan esa 1000 gacha tuxum qo’yishi mumkin. Yoz oylarida bir avlodning rivojlanishi uchun 25-35 kun kifoya. O’rta Osiyoda 3-4 avlod beradi. Yosh barglar, shona va g’unchalarni, yosh ko’saklarni yeydi (ikkinchi nomi ham shundan). Bitta qurt 10-24 hosil elementiga zarar yetkazishi mumkin. Kurash choralari: agrotexnik kurash tadbirlaridan chilpish davrida chilpilgan qismni yig’ishtirib, daladan tashqariga chiqarib tashlash, zararlangan makkajo’xorilarni silos uchun sut — dumbul davri boshlaridayoq, ya’ni qurtlar g’umbaklanish uchun tuproqqa tushmasidan oldinroq o’rib olish. Biologik kurash tadbirlari: tuxumlariga qarshi 5-6 kun oralatib uch marta 60+80+60 ming dona/gektar hisobida trixogramma tarqatish; qurtlariga qarshi 7-8 kun oralatib Gabrobrakon xo’jayin-parazitni 1:20; 1:10; 1:5 nisbatida qo’llash. Kimyoviy kurash: g’o’zaga insektisidlar purkash.