Gul qay tariqa bosiladi?

Gul bosish usuli qadimgi Hindistonda ixtiro qilingan. Bu mamlakatda paxtachilik rivojlangan, rang beradigan moddalarga ega ko’pgina o’simliklar mavjud edi. Taxminan miloddan oldingi 63-yilga kelib gul bosish Yunoniston va Rimda ham paydo bo’ldi, shundan so’ng gul bosilgan gazmollar butun Osiyoga, Afrikaga, Misrga o’tdi. XIII va XIV asrlar bo’sag’asida gul bosish san’ati Germaniya va Italiyada ham yoyildi. XVII asrga kelib mazkur san’at butun Yevropaga tarqaldi. Gul bosishni tayyorlash jarayoni o’ta oddiy va u oldindan yog’ochga o’yib tushiriladigan bezaklarni gazmolga ko’chirishdan iboratdir. Qoliplarni yasash uchun namlikdan va mexanik ta’sirdan darz ketmaydigan qattiq yog’ochlardan foydalanilgan. Avvallari guldor gazmollarni tayyorlash texnologiyasi uncha murakkab bo’lmagan: maxsus romga oqlangan yoki bo’yalgan gazmolni cho’zib bo’yoq shimdirilgan yog’och qoliplardan bezaklarni ko’chirib ko’paytirganlar. Ko’prangli bezaklarni o’tkazish uchun bir necha qoliplardan foydalanilgan. Mazkur qoliplarning har biri o’z rangi bilan bo’yalgan. Bezaklarni ko’chirish jarayonida usta turli rangdagi buyoqlar bir-biriga chaplashib ketmasligiga va biri-birining ustiga tushmasligiga e’tibor bergan. Gazmol ustiga o’rnatilgan qolip yaxshiroh o’rnashib olsin uchun uni to’qmoq bilan urish shart bo’lganligidan «urib gul bosish» degan nom urf bo’lib qoldi. Avvallari ro’mollar oq bo’lgan, biroq keyinchalik boshqa rangdagi gazmollar (qoradan tashqari) ham foydalanilgan. Qora taglikdagi ro’mollar tayyorlash uchun avvalo bezakni oq gazmolga bosishgan, shundan so’ng maxsus taxtalar yordamida qora taglik — fonning nusxasi tushirilgan. Anilin — sun’iy kimyoviy bo’yoqning ixtiro etilishi matolarni ishlab chiqarishni arzonlashtirish va ularning sifatini oshirishda yordam berdi. Anilinli bo’yoqlar katta chidamlilik va ravshanlikka ega bo’lib, ular turli o’simliklar shirasi va ildizlaridan olinadigan tabiiy bo’yoqlardan farq qiladi. Odatda gul bosishda ustalar bo’yoqlar biri birining ustiga tushmasligini puxta nazorat qilishadi. Lekin zamonlar o’tishi bilan bunday texnologiya takomillashdi va ustalar bo’yoqlarning maxsus bir-biriga mos kelishidan foydalana boshladilar. Buning uchun avvaliga matoni bo’yab, shundan so’ng uning ustiga bezaklar naqshlaganlar. Ilk marta zangori rang taglik paydo bo’ldi, u turfa bo’yoqlar bilan yaxshi uyg’unlasha olardi. Bunday ro’mollar «niliy» ro’mollar deb atala boshladi. Xususan ranglarning turfaligiga tezoblab naqshlash deb ataluvchi usul yordamida erishila boshlandi. Bunday usulda bo’yoq maxsus ishlov berilgan — tezoblangan taglikka tushiriladi. Natijada dastlabki rang o’zgaradi va xuddi shu paytda yangi bezak paydo bo’ladi. Chunonchi och qizil — alvondan iborat taglikni tezoblashdan so’ng uning rangi nozik atirgul tusiga aylanib, butun ro’mol mutlaqo boshqa bo’yoqlar uyg’unligini namoyon etadi. Bo’yoqning sifatiga gazmolning tarkibi ham ta’sir etgan. Uvalanib ketadigan gazmolga bezakning nozik jihatlarini aks ettirib bo’lmasdi, qattiq gazmolda esa bezakning eng kichik chizma jihatlarigacha namoyon bo’lardi. Bugun siz rus guldor ro’mollarini ko’pgina xalq san’ati muzeylarida uchratishingiz mumkin.