G’UNJAK G’ORI

G’UNJAK G’ORI — Samarqand viloyati Narpay tumanidagi g’or. Turitog’ning (Zirabuloq — Ziyovuddin tog’lari) Janubiy yon bag’rida, 620 metr balandlikda joylashgan. Devon davriga oid ohaktoshlarda hosil bo’lgan. G’orning kirish qismi Turitog’ning yon bag’rida (quduq shaklida, diametri 1,5 metr). G’unjak g’ori ichida, marmar oniksini qazib olish maqsadida, portlash ishlari natijasida vujudga kelgan (uzunligi 40 metrli) shtolnya mavjud. Shtolnya orqati (uzunligi 11 metr, eni 4-5 metr, balandligi 2-4 metr) g’or xonasiga kiriladi. Xonadan g’orning katta xonasiga boruvchi yo’lakcha (uzunligi 6 metr, eni 1-2 metr, balandligi 1,5 metr) boshlanadi. Katta xona gumbaz shaklida bo’lib diametri taxminan 20 metr, balandligi 15 metr. Katta xonaning shipida yer ustiga chiqiladigan (uzunligi 4 metr, diametr 2 metrgacha bo’lgan) bo’shliq bor. Katta xonada kaltsiy va aroganit minerallaridan stalaktit va stalagmitlar hosil bo’lib, ba’zi joylarda tutashib ustunlar hosil qilgan. Katta xonadan pastga tomon yo’lakchalar tarqalgan. G’orning katta xonasidagi temperatura 15°, nisbiy namlik 40% (iyun oyida). G’orning umumiy uzunligi 90 metr, maydoni 404 metr kvadrat, hajmi 3,6 ming metr kuban ziyod.