Hakim mulla mir xonaqohi

Hakim mulla mir xonaqohi — Buxoro viloyati Romitan tumanidagi me’moriy yodgorlik (16-asr). Xalq orasida «Hazrati Eshon» nomi bilan mashhur bo’lgan Shayxulislom Amir Husayn mulla Mir tomonidan qurilgan; bosh peshtoq oldidagi qabrtoshiga uning ismi va vafot etgan sana (1587) o’yib yozilgan. Xonaqoh to’rtburchak tarhli (17,5×21,5 metr, balandligi 20 metr), peshtoq-gumbazli (3 tomoni peshtoqli), Markaziy gumbazli jamoatxona (tarhi 8,5×8,5 metr) hamda burchaklardagi xona (hujra)lardan iborat. Bino 2 qavatli, asosiy tarzi ulug’vor, 2 yoniga guldastalar ishlagan. Gumbaz 8 qirrali poygumbazga o’rnatilgan, poygumbazda ravoqli darchalar bor; gumbaz osti ravoqli bag’allaridagi iroqi muqarnaslar kosalari zangori, qizil ranglar bilan pardozlangan. Guldastalar ichidagi aylanma zina orqali ravoqli qafasaga chiqiladi (qafasadagi bir ochiq ravoq orqali xonaqoh tomiga o’tish mumkin).