Halab

Halab, Aleppo (qadimgi nomi Beroyya) — Suriyaning shimoliy-g’arbiy qismidagi shahar. Halab muhofazasining ma’muriy markazi. Aholisi 1,6 million kishi (1994). Iqtisodiy va madaniy ahamiyati bo’yicha mamlakatda Damashq shahridan keyin 2-o’rinda. Transport yo’llari chorrahasi. Qishloq xo’jaligi (chorvachilik, don, paxta, zaytun, uzum) rayonining savdo markazi. To’qimachilik, ko’n-poyabzal, tsement, oziq-ovqat sanoati korxonalari, traktor zavodi mavjud. Hunarmandchilik rivojlangan: turli badiiy va uy-ro’zg’or buyumlari tayyorlanadi. Gilam, shoyi to’qiladi. Universitet, milliy muzey bor. Shahar miloddan avvalgi 20-asrdan ma’lum. Me’moriy yodgorliklardan 12-16-asrsrlarga oid binolar (qal’a, shahar devori qoldiqlari, masjid-madrasalar, bozor rastalari va boshqalar) saqlangan.