Hal

Hal (Arabcha) — eritilgan oltin, kumush va boshqa metallar kukuni: 1) zargarlikda biror metall yuzasiga (kumushga oltinni, metallga esa Kumushni) yugurtirish uchun ishlatiladi hamda shunday eritmani biror buyumga yopishgani ham Hal deb ataladi; 2) naqqoshlik (jumladan, me’morlik)da naqshni bo’yashda keng qo’llanadi. Bunda oltin, kumush, bronza kukuni lok, alif yoki yelim bilan aralashtirilib bo’yoq tayyorlanadi, shu bo’yoqda naqsh bo’yaladi, zarhallanadi. Ba’zan bezak yuzasiga lok surtib ustiga Hal purkab pardoz beriladi. Halga tuxum (tillage sarig’i, kumushga oqi) qo’shilsa, bo’yoq yaltiroqlik xususiyatini yaxshi saqlaydi. O’zbekiston hududidagi me’moriy obidalar Hal aralashmali bo’yoqlar bilan pardozlangan (masalan, Amir Temur maqbarasi, Tillakori madrasa va boshqalar).